2017 yilning 19 sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqi dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Undagi “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz”, degan so‘zlari O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini aniq va ravshan ko‘rsatib berdi. Nutqda, jumladan, shunday deyiladi: “Markaziy Osiyo Uyg‘onish davri namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur'oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma'rifatiy islom to‘g‘risidagi ta'limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik”.

Hadis ilmining sultoni Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning ma'naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda ushbu xalqaro Markazning o‘rni katta. Markaz ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish o‘quvlari yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Yiliga to‘rt marta “Imom al-Buxoriy saboqlari” jurnali chop etiladi.
Ta'kidlash joizki, Hazratning shoh asarlari “Al-Jome' as-sahiyh” (4 jildlik) va “Al-adab al-mufrad” to‘lig‘icha o‘zbek tiliga o‘girilib, keng kitobxonlar ommasiga tortiq etilgan. Bugungi kunda Imom Buxoriy nomi bilan Toshkent islom instituti faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, bir necha jome masjidlar hadis bilimdonining nomi bilan ataladi.
Samarqandning Xartang qishlog‘ida, alloma dafn etilgan go‘shada muhtasham majmua barpo etilgan. Bu yodgorlik majmuasi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo‘qon va Shahrisabz xalq ustalari tomonidan qisqa muddat, ya'ni sakkiz oy mobaynida barpo etilgan ekan. Majmua tarkibida hazratning maqbaralari, katta jome masjid, muzey va boshqa inshootlar bor. Ta'kidlash joizki, muzeyda birinchi yurtboshimizga o‘sha paytlardagi Saudiya Arabistoni podshosi tomonidan sovg‘a qilingan ka'bapo‘sh saqlanadi. Shuningdek, majmua xududida beshta chinor daraxti va ular bo‘yidagi hovuz ham tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu daraxtlar 16-asrda Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan ekilgan. Hozirda chinorlarning yoshi 570 dan oshganini mutaxassislar ta'kidlashadi. Bugungi kunda yer sharining turli nuqtalaridan kelayotgan ziyoratchilarni ko‘rganda, Qur'oni karimdan keyin ikkinchi o‘rindagi muqaddas kitob “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan zot bilan vatandoshligingdan faxrlanib ketasan kishi.

















