AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni kechqurun Oq uyda Anthropic (Claude AI) kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Dario Amodey bilan xususiy kechki ovqat uyushtirdi. Uchrashuv sunʼiy intellekt (SI) rivojini sekinlashtirish haqidagi qizgʻin bahslar va kompaniyaning Pentagon bilan davom etayotgan nizosi fonida boʻlib oʻtdi. Uchrashuv natijalari hozircha oshkor qilinmagan.
Ilk yakkama-yakka uchrashuv
Kechki ovqat haqida dastlab Axios nashri xabar bergandi. Keyinroq uni Trampning oʻzi tasdiqladi. Prezident Endryus harbiy bazasiga qaytgach, jurnalistlarga Amodey bilan ovqatlanishini aytdi va uni «juda hurmatli» inson deb atadi. New York Times'ga koʻra, bu ikki rahbarning ilk yakkama-yakka uchrashuvi boʻldi. Oq uy rasmiysi esa Amerika superintellekt sohasida dunyoga yetakchilik qilishini va bunda isteʼmolchilarni himoya qilishini taʼkidladi. Oq uy ham, Anthropic ham nashrga izoh bermagan.
Oʻtgan hafta Tramp Xitoy raisi Si Jinping sharafiga ziyofat berib, Amerikadagi deyarli barcha IT va AI gigantlari rahbarlarini taklif qilgandi. Axios'ga koʻra, aynan Amodey boshqa rejasi sababli tadbirga kelolmagan va Tramp keyin uni shaxsan taklif qilgan. Forbes esa Amodey taklif etilganlar roʻyxatida umuman boʻlmaganini yozdi.

Seshanba kuni prezident Tramp – Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan birga yetakchi SI kompaniyalari rahbarlarini qabul qiladi. Tadbirda amerikaliklarga federal maʼlumotlardan foydalanishda yordam beradigan yangi hukumat sayti taqdim etiladi. Times'ning eʼtibor qaratishicha, Oq uy maʼmuriyati SI xavflari borasidagi xavotirlar fonida texnologiya rahbarlari bilan uchrashuvlarga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
Sekinlashtirish chaqirigʻi
Uchrashuv oldidan keskinlik sentabr boshida, SI xavfsizligi haqidagi bahs keng jamoatchilik muhokamasiga chiqqanidan


















