Ohangaronda bogʻcha bolasi oʻlimi yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Toshkent viloyati, Ohangaron shahridagi bogʻchada sodir boʻlgan hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

Aniqlanishicha, 28-avgust kuni davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi, 3 yoshli oʻgʻil bola oshxonada turgan hasharotlarga qarshi dori vositasini isteʼmol qilib, zaharlangan. Shahar tibbiyot birlashmasida koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bola oradan 2 kun oʻtib, 30-avgustda vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Toshkentda jamoat transportida elektron toʻlov narxi oshadi

1-oktabrdan Toshkent shahrida avtobus va metroda bir martalik qatnov uchun elektron toʻlov narxi oshadi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, avtobus va metropolitenda bir yoʻlovchining bir martalik qatnovi uchun naqd toʻlovda 3000 soʻmligicha qoladi, elektron toʻlov tizimi orqali toʻlanganda esa ragʻbatlantiruvchi chegirma bilan 2500 soʻm undiriladi. Bir yoʻlovchining bagajini tashish xizmati 4000 soʻm etib belgilangan.

Transport kartasidan foydalanib, bir soat ichida bir avtobusdan boshqasiga oʻtilganda birinchi avtobus uchun 2500 soʻm, ikkinchisi uchun 1500 soʻm toʻlanadi. Uchinchi va keyingi avtobuslarda qatnov bepul boʻladi.

Gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflar ishlab chiqiladi

«Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari» toʻgʻrisidagi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonda gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni joriy qilish vazifasi qoʻyilgan. Jumladan, hujjatda 2027-yil fevralgacha: - elektrlashtiriladigan isteʼmolchilar, shuningdek, tabiiy gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash; - elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori boʻlgan maishiy texnikalarni sotib olishda qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishdan iborat elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerakligi belgilangan.

Loyiha 2027-yil aprelgacha hukumatga kiritilishi koʻzda tutilgan.

Jizzaxda YHXB inspektori sodir etgan «avariya»da bir kishi halok boʻldi

Jizzax viloyati, Zomin tumanida 26-sentabrdan 27-sentabrga oʻtar kechasi inson oʻlimi bilan bogʻliq YTH sodir boʻldi.

Kun.uz manbasi xabariga koʻra, 34 yoshli D.A. Lacetti mashinasini boshqarib ketayotib, oʻzidan oldinda chapga burilishni amalga oshirayotgan yuk mashinasi ortiga borib toʻxtagan. Shunda bir yoʻnalishda kelayotgan, Jizzax viloyati YHXB inspektori 27 yoshli J.A. boshqaruvida boʻlgan ikkinchi Lacetti ortdan kelib urilgan. Oqibatda oldindagi Lacetti yuk mashinasi bilan toʻqnashgan. Unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan 35 yoshli F.R. ogʻir tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. 3 farzandning otasi boʻlgan erkak koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, shifoxonada vafot etgan.

Inspektor mashinani mast holda boshqargani aytilmoqda. Hozir holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Xivada «aqlli shahar» barpo etish loyihasi boshlandi

Pokistonning Habib Rafiq Engineering kompaniyasi Xiva shahrida «aqlli shahar» barpo etish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga kirishdi.

Loyiha Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi va kompaniya oʻrtasida olib borilgan muzokaralar natijasida yoʻlga qoʻyilgan.

Uning doirasida Xivaning yangi qismini zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida barpo etish rejalashtirilgan. Hududda turar joy majmualari, ijtimoiy va tijorat obyektlari, transport hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal xizmat koʻrsatish obyektlari bosqichma-bosqich qurilishi koʻzda tutilgan. Xabarda investitsiya miqdori, loyiha maydoni va uni yakunlash muddatlari ochiqlanmagan.