Quyidagi hikoya JCh-2018 turnirida sensatsiya qilgan – jahon chempionlarini yenggan Meksika termasi bosh murabbiyi Xuan Karlos Osorio haqida.

«Biz ular bilan tengma-teng kurash olib bora olamiz, – degandi Osorio Germaniyaga qarshi o‘yindan oldin. – Biz hozirda jahonning eng yaxshi terma jamoasi bo‘lib turgan jamoani yenga olishimiz mumkin. Men o‘z yigitlarimga ishonaman, bizning yarim himoyachilarimiz maydon markazida to‘pni nazorat qila olishadi. Biz raqibni hurmat qilamiz, ammo maydonda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz».

U Germaniyaning zaif jihatlari haqida ham gapirgandi: «Orqa chiziqda 4 himoyachi bilan chuqur himoya qiladigan istalgan jamoa o‘rtada 35 metrlik keng hududni bo‘sh qoldirgan bo‘ladi. Buning uchun istalgan jamoani jazolash mumkin, nemislar bundan mustasno emas».

Uning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

«Bizda taktik reja mavjud edi, biz uni 6 oy muqaddam ishlab chiqqandik. Bizda hamisha qanotlarda ikki tezkor futbolchi bo‘ladi. Losano – bizning eng tezkor futbolchimiz. Birinchi bo‘limda biz himoyada aql bilan harakat qildik va qarshi hujumlar uyushtirdik. Birinchi bo‘limda biz raqibdan yaxshiroq o‘ynadik», – dedi o‘yindan keyin Osorio. U ayrim sirlarni oshkor qildi: «Biz noyabrdayoq 4 yo‘nalish bo‘yicha platforma ishlab chiqqandik. Ulardan biri – psixologiya. Men hamisha futbolchilarga asosiy mas'uliyat mening zimmamda bo‘lishini uqtirib kelganman. Turli bosimlar bo‘lishiga qaramasdan, ular hech qachon hayajonlanishmadi. Biz yutqazsak ham, bu futbolchilarning aybi hisoblanmasdi. Ular faqat mening oldimda javobgar, ular mening texnik qarorlarimga amal qilishsa bas edi. Germaniya terma jamoasi ustidan g‘alabamizga sabab — ular jahonning amaldagi chempioniga qarshi o‘ynashdan qo‘rqishmadi».

Xuan Karlos bilan yanada yaqinroqdan tanishamiz.

• Osorio – kolumbiyalik. Meksikaliklar xorijlik murabbiylarni termaga taklif etishdan cho‘chishmaydi (turli yillarda bu terma jamoani Sven-Yoran Eriksson, Bora Milutinovich, Sezar Luis Menotti va boshqa meksikalik bo‘lmagan mutaxassislar boshqargan), ammo Osorioning tayinlanishi kutilmagan qaror edi – ushbu mutaxassisni Meksika darajasida ham ko‘pchilik tanimasdi, u bungacha Meksika chempionatida «Puebla» klubi bilan bir necha oy o‘tkazgan, bu jamoa 11 o‘yindan 7tasida mag‘lubiyatga uchragandi.

• Meksikalik muxlislar Osorioni tez-tez tanqid qilishar va undan iste'fo so‘rashardi. Ularga murabbiy doimiy ravishda rotatsiya qilishi yoqmasdi (masalan, Amerika Kubogining guruh bosqichidagi 3 o‘yinda murabbiy 3 darvozabonni maydonga tushirgandi). Shuningdek, u sxemalarni ham aralashtirib qo‘llardi, meksikaliklar uni tushunmas va uni begona deb qarashardi. «Bu g‘alabani bizni Moskvada qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga bag‘ishlashni istardim. O‘ylaymanki, muxlislarimiz safi bundan keyin ham kengayishda davom etadi», – deya javob qaytardi tanqidchilariga Osorio Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin.