Meksikaning Sonora shtatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, yana 14 kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda Bajo Palabra nashri xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, avtobus Kaborka va Sonoyta shaharlari oralig‘idagi trassada ag‘darilib ketgan. Avtobus Tixuanadan Gvadalaxaraga ketayotgan bo‘lgan. YTH paytida haydovchi transport vositasi ustidan boshqaruvni yo‘qotgani aytilyapti. Hozirda politsiya ro‘y bergan hodisaga nima sabab bo‘lganini aniqlashtirish bilan band.

Ta'kidlanishicha, halok bo‘lganlar orasida voyaga yetmagan shaxslar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada neft o‘g‘rilari 6 nafar politsiyachini otib tashlashgani xabar berilgandi.








