Oʻzbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosiga oid prezident farmoni qabul qilindi.

Unga koʻra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan, masofadan oʻchirish (yoqish) imkoniyatiga ega hisoblagichi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan:

  • elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik isteʼmoli uchun oldindan toʻlanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilanadi (oxirgi ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmaganlar bundan mustasno);

  • elektr energiyasi va gaz sarfi toʻgʻrisidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz taʼminoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.

1-noyabrdan eʼtiboran, shuningdek, isteʼmolchilarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalarini elektron tuzish orqali ularni qogʻozda rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Moliyaviy jarimalar oʻrtacha 2 barobarga kamaytiriladi

Farmon bilan, uch oy muddatda barcha turdagi moliyaviy va maʼmuriy jarimalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, mutanosiblik prinsipidan kelib chiqqan holda ularning miqdorini oʻrtacha ikki barobar kamaytirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirigʻi berildi.

Topshiriq ijrosiga avvalo Iqtisodiyot va moliya vazirligi, qolaversa Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Biznes-ombudsman masʼul boʻladi.