Dunyo ahli Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati rivojini katta qiziqish bilan kuzatayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda jahon futbolining bo‘lg‘usi yulduzlar avlodini tayyorlashga jadal kirishilmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, KUN.UZ'da O‘zbekistonda tug‘ilib, AQShda o‘qish va ishlashga ketgan Shuhrat Qosimov Amerikada O‘zbekiston turizmi targ‘ibotini yo‘lga qo‘yib, UzbekistanTurismo bolalar futbol jamoasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.  U bir kun kelib, albatta, O‘zbekiston rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga va'da bergan edi. U va'dasiga vafo qildi! Shuhrat O‘zbekistonga kelib, o‘z vatanida Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi faoliyatiga start berdi va shu tariqa mamlakatdagi sport turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shishni boshladi.

2018 yilning 2 iyulida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi sport kompleksi stadionida MySoccerAcademy Amerika-Ispaniya Futbol akademiyasi (AIFA)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Respublika miqyosidagi ushbu loyiha O‘zbekistonda yuqori darajali futbol rivojiga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda.

AIFA ochilishida qatnashgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, loyiha maqsadi - O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish, yosh futbolchilarni loyiha hamkorlari hisoblangan mamlakatlar - AQSh, Ispaniya, Braziliya, Venesuela, Kolumbiya va Argentina futbol klublarining professional usullari asosida har tomonlama tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash, AIFA yuniorlarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga yordamlashish, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa uchun sport zahirasini tayyorlash, sport targ‘iboti va yoshlarning intellektual jihatdan rivojlanishiga ko‘maklashish.