Nepal va Tibetdagi suv toshqinlari oqibatida halok boʻlganlar orasida oʻzbekistonliklar yoʻq, deb xabar berdi «Dunyo».
Oʻzbekistonning Dehlidagi (ayni paytda Nepalda ham faoliyat yuritadi) elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda falokat oqibatida halok boʻlganlar va jabrlanganlar orasida vatandoshlar toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushmagan. Diplomatik vakolatxona tegishli idoralar bilan doimiy aloqada boʻlib, vaziyat rivojini muntazam kuzatib bormoqda.
Reuters xabariga koʻra, 26-avgust kuni Nepal va Tibetda yuz bergan halokatli suv toshqinlaridan soʻng 1,5 mingga yaqin kishi, jumladan, 700 dan ortiq xorijlik bedarak yoʻqolgan. Himolay daryosiga loy va tosh massasining qulashi oqibatida suv va loy oqimi yoʻllar va uylarni yuvib ketgan. Nepalda kamida 165 kishi halok boʻlgani aytilmoqda, mahalliy hokimiyat idoralari qurbonlar soni yanada ortishi mumkinligini maʼlum qildi.
Mamlakatda 826 kishi, jumladan, 500 ga yaqin xorijlik bedarak yoʻqolgan.Qidiruv-qutqaruv amaliyotiga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va politsiya xodimi jalb etilgan. Bugun qutqaruvchilar 125 kishi, jumladan, 20 nafar xorijlikni topib, evakuatsiya qildi. Jabr koʻrgan hududlarga chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zarur vositalar yetkazilmoqda.








