Jahon chempionatining eng yorqin juftliklaridan biri Kolumbiya terma jamoasi himoya markazida to‘p surgan ikki yosh futbolchi – Davinson Sanches va Yyerri Mina bo‘ldi desak adashmaymiz. Sanches Yevropaga begona emas, «Ayaks» tarkibida Yevropa Ligasi finalida o‘ynadi, o‘tgan mavsumda esa, APL yetakchi klublaridan biri «Tottenhem»ning asosiy tarkibidan joy oldi.

Aslida yanada yorqinroq kechishi kutilgan Yyerrining faoliyati esa, turnir oldidan biroz mavhum bo‘lib qolgan, hatto «Barselona» futbolchini sotib yuborishi yoki ijaraga berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo chempionatda Yyerri Mina juda yorqin iz qoldirdi, uch o‘yinda maydonga tushgan himoyachi har bir o‘yinda gol urishning uddasidan chiqdi. Polshaga qarshi o‘yinda o‘yinda burilish yasagan gol muallifi bo‘lgan bo‘lsa, Senegal bilan o‘yindagi gol kolumbiyaliklarni keyingi bosqichga olib chiqdi. Kecha, Angliyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarda uning bosh bilan urilgan goli Kolumbiyani qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi.

Foto: Reuters

Endilikda kolumbiyalik ushbu futbolchi bitta mundial doirasida eng ko‘p gol urgan himoyachilar reytingidagi germaniyalik Paul Braytnerning natijasini takrorladi. Himoyachi Braytner Germaniyaning g‘alabasi bilan tugagan JCh-1974ta uchta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Keling e'tiborimizni sal oldinroqqa, shu yilning yanvariga qaratamiz. Shu orqali balki futbol osmonidagi yangi qahramon portretiga yangi chizgilar chizilar...

ChO‘ZILIB KeTGAN TRANSFeR

Foto: Sport Ekspress

Yyerri Mina nomi «Barselona» muxlislariga tanish deb bekorga aytilmadi. Ushbu transfer go‘yoki shoshilinchdek tuyulayotgan bo‘lsa-da, aslida Mina va «Barselona»ning yo‘llari kesishishi ikki yilga cho‘zildi. 

«Barselona» futbolchi bilan u Kolumbiyaning «Santa-Fe» jamoasida to‘p surib yurgan paytidayoq qiziqqandi. 2016 yilning qishki transfer darichasida Mina «Barselona» bilan muzokaralar o‘tkazgan. Rejaga ko‘ra, Mina «Barsa B» tarkibiga qo‘shilib, o‘sha yerda faoliyatini davom ettirishi lozim bo‘lgan. Ammo oraga «Palmeyras» qo‘shilgach, «Barselona»ning rejalari o‘zgardi – Kolumbiya chempionatidan ancha kuchli bo‘lgan Braziliya A Seriyasi Yyerrining o‘sishi uchun juda maqbul edi. «Barselona» va «Palmeyras» o‘zaro kelishib olishdi – Yyerri «Palmeyras» bilan shartnoma imzolaydi, «Barselona» esa, futbolchini sotib olish uchun dastlabki huquqga ega bo‘ladi.