Haj ibodati - islom dinining eng muqaddas va sharafli amallaridan biri. Har bir mo‘min-musulmon haj ziyoratiga borish orzusi bilan yashasa kerak. Alloh inoyati bilan bu muborak amalni ado etganlarga shu bois havasimiz kuchlidir.
Ayni kunlarda ayrim yurtdoshlarimiz, ya'ni bu yil muborak haj ziyoratiga otlangan fuqarolarimiz o‘zgacha taraddudda. Ular va boshqalarning haj amallari, hojilik maqomi, unga munosib bo‘lish va haj ibodati bilan bog‘liq ko‘plab savollariga javob berish maqsadida Namangan shahrilik ma'naviyat targ‘ibotchisi, «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni sohibi Xorunxon hoji AYuBXONOV bilan suhbatlashdik.
- Muborak hadislarda: «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir. Banda uch narsa: dil, til va badan orqali amalga oshirilgan amallar orqali savobga erishadi», deyiladi. Siz ushbu hadisi sharif izohida yana qanday mulohazalarni bildirgan bo‘lar edingiz?
- Islom dini ichki va tashqi amallardan iboratdir. Niyat ichki amal hisoblanib, u qalb bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu hadisning buyukligi, sha'ni ulug‘ligi, sahihligi, foydasi nihoyatda ko‘pligini barcha muhaddislar va ulamolar ta'kidlashgan. Bugun ulug‘ safarga tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Bu - go‘zal niyatlarimiz ijobat bo‘layotganidan nishona.
Yaqinda xonadonimizga ikki mehmon keldi. So‘rashdik, chehralari ochiq, xursandlar. Mehmonxonadagi suhbat chog‘ida ulardan biri: «Hoji ota, esingizda bo‘lsa, 1996 yilda, bundan 23 yil muqaddam «Marg‘ilon» ko‘chadagi Mahdumi eshon jome' masjididan ota-onamizni haj safariga kuzatganmiz. O‘shanda siz ularga haj ziyorati va amallari haqida ko‘p tavsiya va maslahatlarni bergan edingiz. Ota-onamiz hojilar bo‘lib qaytishgach, sizga minnatdorchilik bildirgan edilar. Oilamizdagi o‘sha vaqtdagi go‘zal holat hamon esimda. Bizlarga ham shunday ulug‘ muborak safar nasib etishini so‘rab, rahmatli ota-onamizdan duo olgan edim. Alhamdulilloh, bugun huzuringizga safar oldidan duo olgani, nasihat, maslahat va tavsiyalar eshitgani keldik. Otamiz to umrlarining so‘ngiga qadar hojilik maqomini e'zozlab, unga munosib bo‘lishga harakat qildi. Men ham ulardek bo‘lsam deyman», - dedi.
Bu gaplarni eshitib, qalbim to‘lqinlandi. Xursand bo‘ldim.
Ko‘rganingizdek, haj ibodatini ado etish uchun avvalo, yaxshi niyat bo‘lishi kerak. Bajariladigan amallarning to‘g‘ri bo‘lishi niyatga bog‘liq. Niyat qilmay ado etilgan amal qabul bo‘lmaydi.
- Safar oldidan bajariladigan amallar haqida batafsil ma'lumot bera olasizmi?
- Haj safariga otlanishdan avval niyat qilinadi. «Ey Allohim, men haj qilishni niyat qildim, uni menga oson qil va uni mendan qabul qil», deya ehrom bog‘lanadi, ikki rakat ehrom namozi o‘qiladi. Talbiya aytish bilan ehromga kirgan bo‘linadi.





