Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida oliy o‘quv dargohlariga kirish uchun test imtihonlari boshlandi. Kun.uz ham abituriyentlar qatori barcha bosqichlardan o‘tib, test jarayonida ishtirok etdi va bu haqda fotohisobot tayyorladi.


Tonggi soat 6.30. Urganch shahridagi «Yoshlik» sport-majmuasiga abituriyentlar oshiqmoqda. Xalq tilida «Manej» deb ataladigan bu dargohda test imtihonlari o‘tkaziladi.

Manej oldida uchta katta soyabon o‘rnatilgan. Bu abituriyentlarni quyoshning issiq taftidan asraydi.

Soat 7.00. Abituriyentlar manejga kiritilmoqda. Har bir guruh alohida, tartib bilan nazorat postidan o‘tadi.

Postdagi xodimlar abituriyentlarning hujjatini tekshirib, ularni nazoratdan o‘tkazib, keyin ichkariga kiritmoqda.

Qizlar uchun alohida, parda bilan to‘silgan nazorat xonasi bor. Kitob, shpargalka, mobil telefonlar bilan qo‘lga tushganlar bayonnoma orqali rasmiylashtiriladi va testdan chetlatiladi.

Manejga kirish eshiklari ustiga videokameralar o‘rnatilgan. U abituriyentning yuzi orqali identifikatsiya qilish tizimiga ulangan. Bu tizim orqali begona shaxslarning test imtihoniga kirib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



Test imtihonlari o‘tkaziladigan pavilon 1200 abituriyentga mo‘ljallangan. U yerda abituriyentlarni alohida stol va stul, ruchka va test javob varaqasini to‘ldirish yo‘riqnomasi kutmoqda.













































