O‘zbekiston | 12:33 / 13.08.2018
11159
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda piyodalar o‘tish joylarida avtomobillar tezligi 30 km/soatgacha pasaytirilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimligida shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J. Ortiqxo‘jayevning tashabbusi bilan hokimiyat ma'muriyati vakillarining Toshkent shahar IIBB YXHB va Toshkent shahrida Yo‘l harakatini boshqarishning texnik vositalarini o‘rganish va foydalanish departamenti vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunining 6 moddasi asosida ilk marotaba yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning hududiy dasturini qabul qilish masalasi bo‘ldi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimiyati yuqoridagi qonunni amalga oshirishning quyidagi Dasturini taklif qildi.

Xususan:

1. Ijtimoiy obektlar (maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari, institutlar, poliklinikalar) va odamlar ommaviy ravishda to‘planadigan joylar (parklar, savdo-ko‘ngilochar markazlari, bozorlar, teatrlar, stadionlar, konsert zallari, masjidlar, cherkovlar, to‘y tantanalari o‘tkazish joylari, biznes markazlar, supermarketlar) oldidagi yer usti o‘tish joylarida tezlikni — har bir harakat tomoni uchun 3 va undan ko‘p polosalar bo‘lgan holda 50 km/soatgacha; — har bir harakat tomoni uchun 1 yoki 2 va undan ko‘p polosalar bo‘lgan holda 30 km/soatgacha pasaytirish;

2. Barcha ijtimoiy obektlarda yo‘l belgilari mavjudligi va ularning GOST 23457-86ga muvofiqligini inventarizatsiya qilish. Inventarizatsiya o‘tkazilganidan so‘ng “Yo‘l harakatini boshqarishning texnik vositalarini o‘rganish va foydalanish departamenti” DUK tomonidan kamchiliklarning bartaraf etilganligi haqida kerakli ko‘rsatmalar berish;

3. Harakatlanuvchi tomonlarning har biri uchun 2 va undan ortiq miqdordagi polosalar mavjud bo‘lgan barcha yo‘l usti piyodalar o‘tish joylarida svetoforlarining majburiy ravishda mavjud bo‘lishi;

4. Transport oqimlarini ajratuvchi o‘tish qismining o‘rtasida o‘rnatilgan to‘siqlarni piyodalar o‘tish joylari, qayrilishlar oldida, shuningdek, ko‘chalar kesishuvida ko‘rishni cheklashi jihatidan o‘rganib chiqish. Muammoli uchastkalardagi to‘siqlarni olib tashlash yoki ularning balandligini pasaytirish bo‘yicha aniq takliflar kiritish;

5. Barcha yer usti va yer osti piyodalar o‘tish yo‘llarini eskalator, lift va panduslar borligi jihatidan inventarizatsiyadan o‘tkazish. Bunda barcha yer usti piyodalar o‘tish yo‘llarida eskalator, panduslar va liftlarning bor bo‘lishi (imkoniyati cheklangan kishilar uchun), barcha yer osti o‘tish yo‘llarida imkoniyati cheklangan kishilar uchun panduslarning mavjud bo‘lishi majburiy talab ekanligini hisobga olish;

6. Barcha piyodalar o‘tish svetofor obektlarini qolgan vaqtni teskarisiga hisoblovchi taymerli svetofor obektlariga bosqichma-bosqich almashtirish;

7. Barcha tunnel, ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich, estakadalar oldida, shuningdek, aylanma harakatlanish joylarida “Dastlabki yo‘nalish ko‘rsatkichlarini” o‘rnatish;

8. OAV va bo‘sh turgan reklama konstruksiyalari orqali YHQ targ‘ibotini ko‘paytirish;

9. Harakat tig‘iz bo‘lgan chorrahalar va uch va undan ko‘p harakat polosalariga ega yo‘llarni chekkadagi o‘ng polosadan ikki bosqichda o‘ngga to‘siqlarsiz burilishni ko‘zda tutuvchi belgilar va yo‘l razmetkasi bilan jihozlash;

— 1 bosqichda yer usti piyodalar o‘tish joylari mavjud bo‘lmagan, harakat tig‘iz bo‘lgan chorrahalar va uch va undan ko‘p harakat polosalariga ega bo‘lgan barcha yo‘llarni jihozlash;
— 2 bosqichda harakat tig‘iz bo‘lgan chorrahalar va uch va undan ko‘p harakat polosalariga ega bo‘lgan qolgan barcha yo‘llarni jihozlash.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning hududiy dasturi hozircha o‘rganish va ko‘rib chiqish bosqichidadir.

Mavzuga oid