Hamma «Manchester Siti» va «Liverpul»ning ajoyib tarkibi va yangi mavsumdagi ambitsiyalari haqida gapirishdan to‘xtamayotgan bir paytda, «Chelsi»ning yangi murabbiyi Mauritsio Sarri shogirdlari bilan ikki o‘yinda yuz foizlik natija ko‘rsatib ulgurdi. Londonliklarning haqiqiy yetakchisi Eden Azardan hali to‘liq foydalanilmayotganini ham nazarda tutsak, juda qoniqarli natija. Tabiiyki, yana bir necha tur o‘tgach, agar o‘yin uslubi jihatidan butunlay o‘zgarayotgan «Chelsi»ni yana turnir jadvali yuqorilarida ko‘rsak, butun Angliya e'tiborini Sarriga qaratishi turgan gap – «eski qishloqda yangi odat»?

Sarridan futbolchi chiqmagan. U faqat bir necha yil yarim havaskor jamoada, D Ceriyadagi «Filina» jamoasida o‘ynagan xolos. Liga darajasini tushuntirish uchun bir misol: O‘yinlardan birida 15 yoshli Sarrining o‘zi murabbiylik vazifasini bajargandi. Safardagi o‘yin oldidan bosh murabbiy rahbariyat bilan janjallashib qoladi va ishlashdan bosh tortadi. O‘shanda Mauritsio vaziyatni o‘z qo‘liga oldi, hakamga murabbiy kechikayotganini aytib tushuntiradi, o‘yinga tarkib va sxemani tuzadi va jamoa 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Murabbiy buni eshitib hayron qolgani aniq. Sarri esa, o‘zini xuddi hech qanday katta ish qilmagandek tutib turaveradi.

19 yoshida Sarri futbol o‘ynashni yig‘ishtirdi. Jarohatlar, shuningdek, jamoa rahbariyatidan norozilik bunga sabab bo‘ldi. Sarriga bir yuqori diviziondagi «Montevarchi» klubi xaridor bo‘lgan, lekin «Filina» rahbarlari haddan tashqari katta narx so‘rab yuborishgan, natijada Sarrining bir qadam yuqoriga ko‘tarilishi amalga oshmay qolgandi. D Ceriyaning yosh markaziy himoyachisini barcha unutib ham yubordi, albatta.

Daromad to‘xtagach, qayerdadir ishlash kerak edi. Ota oddiy zavod ishchisi bo‘lgan oilaga pul zarur edi. Mahalliy kollejda iqtisod va bank ishi mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim olish imkoniyati paydo bo‘lgach, Sarri o‘ylanib o‘tirmadi. 1980 yilda, o‘qishni tugatib, Sarri Italiyaning eski banklaridan biriga klerk bo‘lib ishga joylashdi. Yoshligida kitobdan ko‘ra to‘p bilan ko‘proq vaqtini o‘tkazgan Mauritsioning iste'dodi bor ekan, bank ishlarini juda tez o‘rganib oldi.