Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida taxminan 1,25 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. 2017 yili tashkilot e'lon qilgan hisobotga ko‘ra, 15-29 yoshlar orasidagi shaxslar o‘limiga olib keluvchi eng katta sabab aynan avtomobil bilan yuz beradigan hodisalar hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bir qator rivojlangan davlatlar, xususan Shvetsiya, Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada mamlakatning «Xavfsiz yo‘l» milliy strategiyasini qabul qilgan. Ular orasida Shvetsiya ushbu tashabbusni 1997 yilda qo‘llab-quvvatlagan ilk davlat sanaladi. Natija qanday? Masalan, o‘tgan yili 8,1 million kishi istiqomat qilayotgan London shahrida 11 ming YTH qayd etilgan bo‘lib, unda 8 kishi vafot etgan.
O‘zbekiston avtomobil yo‘llarida esa bir haftada (19 avgust holatiga ko‘ra) jami 173ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada ushbu hodisalarda 46 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 166 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Londondan rasman uch marta kam aholi yashaydigan Toshkent shahrida 7 kun ichida 3 kishi YTHda halok bo‘ldi.
Menimcha, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishga arzigulik sabablar talaygina: YTHda vafot etayotgan fuqarolar va unda ishtirok etayotgan haydovchilar masalasi ancha jiddiy mavzuga aylandi. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov ham YTHga uchragandan so‘ng, savol tug‘iladi: muammo qayerda? YHXB xodimidami? Haydovchida yo unga guvohnomani qo‘liga tutqazib yuborgan muassasadami? Balki, muammo harakat ishtirokchisi ekanini unutib qo‘ygan piyodaning bo‘ynidadir?
Raqamlarga murojaat qilsak, har yili sodir bo‘ladigan YTH oqibatida taxminan 50 million shaxs tan jarohat olishi aytiladi. Bu sohada ijobiy natijaga erishish uchun muammoni kimningdir cho‘ntagidan qidirish samara bermaydi. Faqat jamoat huquqshunosligi va kishilarning yo‘l hodisasiga munosabati o‘zgarishi bilan bu masala yaxshi tarafga yuz buradi.
Ayni paytda O‘zbekiston yo‘llarida kuzatilayotgan transport bilan yuz berayotgan ko‘ngilsiz hodisalarga nimalar sabab bo‘lmoqda? Avvalo, bu savolga javob topish uchun haydovchilarning fikrini o‘rganib, quyidagilarni ma'lum qilish mumkin:
- yo‘ldagi harakat belgilarining nomuvofiq o‘rnatilishi, taqiq va cheklov funksiyasiga ega belgilarning haddan ziyod ortiqcha ko‘payib ketgani;
- ko‘chalarning nomi aniq ko‘rsatilmagani harakatlanishda ortga qaytish, manzilni avvaldan rejalashtirishga imkon bermasligi;
- YHXB xodimlari tomonidan tirbandlik doimiy jilovlanmay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgani;







