Sport | 10:25 / 29.08.2018
7810
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Diyorbek O‘rozboyev finalga chiqdi, ikki dzyudochi bronza uchun kurashadi

O‘zbekiston dzyudo jamoasining -60 kg vazn toifasidagi vakili Diyorbek O‘rozboyev Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi. U yarim final bahsida janubiy koreyalik Li Harimni vazari bahosi bilan mag‘lub etdi.

Foto: Anvar Ilyasov

Endi O‘rozboyev oltin medal uchun yaponiyalik Toru Shishimega qarshi tatamiga chiqadi.

Ishtirokini nimchorak finaldan boshlagan O‘rozboyev bungacha hindistonlik Yadav Vijay Kumar va Xitoy Taypey vakili Yang Yungveyni mag‘lub etgandi.

-66 kg vazn toifasidagi Shahram Ahadov yarim finalda janubiy koreyalik An Baul bilan bellashdi. Ammo final ostonasida yutqazib qo‘ydi. Endi u bronza medal uchun tatamiga chiqadi. Uning medal uchun raqibi qirg‘izistonlik Artur Te bo‘ladi.

Ahadov yarim finalga qadar tojikistonlik Yoqubjon Boqiyev va shimoliy koreyalik Kim Hyongunni mag‘lub etgandi.

Foto: Anvar Ilyasov

-52 kg vazn toifasidagi Gulnoza Ziyayeva esa dastlab hindistonlik dzyudochini mag‘lub etib chorak finalga chiqdi.

Foto: Anvar Ilyasov

Ammo chorak finalda janubiy koreyalik Dasol Parkka yutqazdi. Shundan so‘ng u bronza medali uchun o‘tish jangida turkmanistonlik Gulbadam Babamuratovaga qarshi jang qilishi lozim edi. Biroq, turkman sportchisining jarohati sabab Ziyayeva bronza medali uchun jangda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadigan bo‘ldi. Uning medal uchun raqibi shimoliy koreyalik Rim Song Sim bo‘ladi.

Shu tariqa, uch nafar sportchimizda sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Bugun mahalliy vaqt bilan soat 16:00dan so‘ng (Toshkentda 14:00) medallar uchun bahslar o‘tkaziladi.

Mavzuga oid