Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani «Olmazor» mahallasi Murtak qishlog‘i aholisidan murojaat kelib tushdi.

«Qishlog‘imizda 53-maktab filiali joylashgan. Maktab filiali binolari va maktab jihozlari juda ayanchli ahvolda, o‘quvchilarni ta'lim olishi uchun umuman sharoit yo‘q. Ushbu holat yuzasidan tuman mutasaddi tashkilotlariga bir necha bor murajaat etdik. Muammoni hech kim hal qilib bermayapti. Sizlardan iltimos, shu masalani ijobiy hal etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz», – deyiladi murojaatnomada.

Murojaatda ko‘rsatilgan muammolarni joyida o‘rgandik. Yangi o‘quv yili arafasida maktab filiali haqiqatan ham ayanchli ahvolda.

Zarafshon daryosiga yaqin joylashgan ushbu qishloqdagi maktab filiali binosi 1990 yil maktabgacha ta'lim muassasasi sifatida qurilgan. Keyinchalik 53-umumiy o‘rta ta'lim maktabi filialiga aylantirilgan. Ayni vaqtda maktab filiali ta'mirtalab. O‘quvchilar uchun yangi  atigi 2 ta sinfxona ta'mirlangan. Ammo jihozlari juda eski holatda.

Qolgan xonalar tayyor emas.

Ayni vaqtda maktab filialida 32 nafar o‘quvchi 4-sinfgacha ta'lim oladi. Ikkita sinfxona 1-, 2-, 3-, 4-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan. 1-, 3-sinflar uchun bitta sinfxonada, 2-, 4-sinflar uchun bir sinfxonada komplekt sinflar sifatida ta'lim beriladi. O‘z-o‘zidan ma'lumki, bu ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ushbu maktab filialida bor-yo‘g‘i 3 nafar o‘qituvchi bor.

Maktab filialida ichimlik suvi tarmog‘i ham yo‘q. Hojatxonalari antisanitar holatida.

Birorta o‘yingoh yoki sport maydonchalari yo‘q. Isitish tizimi mavjud emas. Sovuq kunlarda qo‘lbola pechkalarda isitiladi.