Bu haqda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Azizbek Turdiyev 10-sentabr kuni Senat majlisida maʼlum qildi.

«Yangi darsliklarga dastlab birinchi sinf oʻquvchilari oʻtadi, barcha sinflarda esa ushbu jarayonni 2031-yilgacha toʻliq yakunlash rejalashtirilgan», dedi u.

Vazir oʻrinbosari soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtda 1-sinf darsliklari har yili, 2-4-sinflar uchun uch yilda bir marta, 5-11-sinflar uchun esa besh yilda bir marta qayta nashr etilmoqda. Shu bois maktab darsliklarini 2027–2031-yillar davomida toʻliq yangilash rejalashtirilgan.

Turdiyevning taʼkidlashicha, bunday yondashuv darsliklarni qayta nashr etish uchun qoʻshimcha xarajatlarni talab qilmaydi, chunki ularni yangilash belgilangan tartib va muddatda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, vazirlik oʻqituvchi va oʻquvchilarni yangi alifboga moslashtirish uchun zarur chora-tadbirlarni tayyorlamoqda. Pedagoglarni yangi yozuv tizimidan foydalanishga tayyorlash maqsadida ular uchun oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Senat majlisida imtihonlarni oʻtkazish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, qonun kuchga kirgach, imtihonlar yangi qonunchilikda belgilangan alifbodan foydalangan holda oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, Senat 10-sentabr kuni yangi alifboni maʼqulladi. Unda amaldagi 26 ta harf va uchta harf birikmasi oʻrniga 28 ta harf va bitta tutuq belgisi (apostrof) nazarda tutilgan. Xususan, Sh, Ch, O’ va G‘ oʻrniga Ş, Ç, Ö, Ğ harflaridan foydalanish taklif etilmoqda.

Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.