Bugun Mirzacho‘l tumani markazi — Gagarin shaharchasiga borgan kishi uni tanimay qolishi aniq. «Obod qishloq» dasturi asosida ko‘chalar ravon, uy va inshootlar chiroyli qilinmoqda, yangi, zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar qurilmoqda... Bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari kishini hayratga soladi.

Shaharchaning oltita mahallasi namunaviy tarzda obod etilmoqda. Shaharchaga kiraverishdagi «G‘alaba» mahallasidagi o‘zgarishlar, ayniqsa, e'tiborga sazovor. Shunday ishlar ayni damda «Mustaqillik» mahallasida ham olib borilyapti. 30 ta ko‘p qavatli uyning tomi va deraza romlari yangisiga almashtirilayapti. Ko‘p qavatli uylar oldidagi fuqarolar tomonidan barpo etilgan noqonuniy qurilmalar buzib tashlanmoqda. Aholiga turli qulayliklar yaratilmoqda.

Mazkur mahallaning «Farovon» ko‘chasi, 21-uyning birinchi qavatida joylashgan 13-xonadonida 7 yildan buyon bir o‘zi yolg‘iz yashab kelayotgan I guruh nogironi Feruza Qo‘ldoshevaning hayotida muammolar paydo bo‘la boshladi.

Bolalikdan nogiron — poliomiyelit tufayli to‘shakka mixlangan Feruza Qo‘ldosheva ko‘p yillik parvarishdan so‘ng qo‘ltiq tayoq, protez oyoq va nogironlik aravachasidan foydalanib, harakatlana oladigan bo‘ldi.

Dastur ijrosi doirasida bir xonali uyiga qo‘shimcha tarzda qurilgan xona noqonuniy qurilish sifatida buzildi. U xonada Feruza opa tikuvchilik qilar edi. I guruh nogironi bo‘lsa-da, ishi puxta, mohir tikuvchi sifatida atrofga tanilgan. 4 ta «Podolsk» tikuv mashinasiga ega bo‘lib, unda mahalla qiz-juvonlariga tikuvchilik sirlarini o‘rgatardi, shu vaqtgacha o‘zini-o‘zi moddiy ta'minlay olardi.

«Internatda menga tikuvchilikni o‘rgatishgan. Shu hunarim bor. Shu hunarimning ortidan ozmi-ko‘pmi daromad qilayotgan edim. Bilganlarimni boshqalarga ham o‘rgatib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan edik», — deydi F.Qo‘ldosheva.

Mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan unga «Shuhrat» medali berildi. Hayotidan mamnun, yurtboshidan minnatdor Feruzaning ko‘nglida yangi orzular bo‘y cho‘zdi. Eskirgan tikuv mashinalari o‘rniga 3 ta zamonaviy «Juita» mashinalarini sotib olishga kirishgan chog‘ida tikuvchilik ustaxonasidan ayrildi.