O‘zbekiston | 18:18 / 19.09.2018
3585
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Korean Air bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Foto: O‘zbekiston havo yo‘llari

19 sentabr kuni transport yo‘laklari bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun kelgan xorijiy kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar doirasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bosh direktori Baxtiyor Hakimov hamda Korean Air kompaniyasi vitse-prezidenti Nox Sam Sug o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
 
Uchrashuv davomida tomonlar «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Korean Air o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashishdi. Xususan, yo‘lovchi va yuk tashuvlari sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, aviakompaniyalar rahbarlari bo‘lajak hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqishdi va ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro aviaqatnovlarni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun o‘zaro sa'y-harakatlarni birlashtirish niyatini bildirdilar.

Ma'lumot uchun: «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Korean Air hamkorligi tarixi uzoq yillarga ega. Ularning davomida kompaniyalar yangi bozorlarga kirish, O‘zbekiston logistika infratuzilmasini rivojlantirish, fuqaro aviatsiyasi va kadrlar tayyorlashni boshqarishda tajriba almashishda birgalikda ishlashdi. Koreyalik hamkorlar bilan birgalikda mintaqadagi eng yuqori texnologiyali yuk komplekslaridan biri hisoblanadigan «Navoiy» aeroporti bazasida Xalqaro intermodal logistika markazini barpo etish kabi qator loyihalar amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston havo yo‘llari» rahbariyati ICAO mintaqaviy direktori bilan uchrashgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid