1 martdan boshlab Koreyaning eng katta aviakompaniyasi Korean Air’ning poytaxtdagi vakolatxonasi yopilishi munosabati bilan Seul-Toshkent-Seul yo‘nalishidagi aviareyslar to‘xtatiladi. Bu haqda Kun.uz’ga Uzbekistan Airways matbuot xizmati xodimi Ahmadjon Orifjonov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bahor mavsumidan bu aviaqatnovlarni faqat Asiana Airlines bilan Uzbekistan Airways amalga oshiradi.

“O‘zbekiston havo yo‘llarining aviachiptalari Korean Air’nikiga qaraganda nisbatan ancha arzonroq, shu sababli ham Koreya aviakompaniyasi raqobatga kirisha olmagan bo‘lishi mumkin. Ularning chiptalari qimmatroq”, – dedi Orifjonov.

Kompaniya vakillaridan biri esa Gazeta.uz nashriga reyslar rotatsiyasi yo‘qligi, yo‘lovchilar kamligi sabab Toshkentdagi vakolatxona yopilayotganini ma’lum qilgan.

Korean Air’ning rasmiy saytiga qaralsa, chindan mart oyidan boshlab reyslar va aviachiptalar mavjud emasligini ko‘rish mumkin.

Ma’lumot uchun, dunyoning TOP aviatashuvchi kompaniyalari qatorida turuvchi Korean Air 2020 yilda Janubiy Koreyadagi asosiy raqobatchisi Asiana Airlines’ning nazorat paketini qo‘lga kiritgandi.

Korean Air kompaniyasining ikki davlat poytaxtlari o‘rtasidagi parvozlari 2008 yildan boshlangan. O‘shanda O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida Korean Air aviakompaniyasi raisi Yang Xo Choyni qabul qilgandi.

Bu aviatashuvchi kompaniya Navoiy aeroporti bazasida xalqaro logistika markazini yaratish haqidagi bitim ishtirokchilaridan hisoblanib, ushbu markazni boshqara boshlagan.