Shu yil 1 iyunidan boshlab Andijon shahridagi 7 ta chorrahada “Xavfsiz shahar” dasturi bo‘yicha kuzatuv kameralari ishga tushirilgan edi.

Viloyat markazining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga jami 98ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Mazkur kameralar orqali qayd etilayotgan holatlar Andijon viloyati IIB navbatchilik qismida tashkil etilgan boshqaruv tizimiga foto va videotasvir hamda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan onlayn ravishda shisha tolali kabel orqali yetkazib berilmoqda.
Lekin, o‘tgan to‘rt oy davomida o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish kuzatuv kameralari yordamida aniqlangan qoidabuzarliklar kompyuter dasturining noto‘g‘ri xulosa qabul qilgani oqibatida haydovchilarga nisbatan ko‘plab asossiz jarimalar solinayotgani aniqlandi. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, Dastur mukammal ishlab chiqilmagan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida texnik xato sababli noto‘g‘ri chiqarilgan ko‘plab qarorlar ixtiyoriy bekor qilindi.

Haydovchilarga noto‘g‘ri jarima solinganida qanday yo‘l tutishlari va qayerga murojaat qilishlari haqida Andijon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Ozodbek G‘ofurov o‘z fikrlarini bildirdi:
“Darhaqiqat, ko‘plab fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sud va adliya organlariga murojaat qilishmoqda. Andijon shahar adliya bo‘limiga shu kungacha yigirmadan ortiq ana shunday arznomalar kelib tushdi.
Oltinko‘l tumanida yashovchi V. Usmonov kuzatuv kamerasi orqali yo‘l harakati buzilishi hisobga olinganligi bilan bog‘liq jarima solish to‘g‘risidagi qarordan norozi bo‘lib, ushbu qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilgan. Viloyat IIB YHXBdan so‘rov xati orqali olingan huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdagi video tasvir O‘zbekiston Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Andijon viloyati mutaxassislari tomonidan tahlil qilingach, haydovchi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 15 bob, 102 va 103 bandlari bo‘yicha harakatlanishni to‘g‘ri amalga oshirganligi haqida xulosa berildi. Shundan so‘ng bo‘limimiz tomonidan Andijon shahar ma'muriy sudiga IIB YHXBning jarima solish haqidagi qarorini bekor qilish bo‘yicha berilgan ariza berildi. Ma'muriy sud arizani ko‘rib chiqib, noto‘g‘ri chiqarilgan qaror bekor qilindi.






















