Shavkat Mirziyoyev MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashdi
12 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan MDHga a'zo davlatlar Mudofaa vazirliklari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda Ozarboyjon mudofaa vaziri Z.Gasanov, Armaniston - D.Tonoyan, Belarus - A.Ravkov, Qozog‘iston - N. Yermekbayev, Rossiya - Sh.Shoygu, Tojikiston - Sh.Mirzo, Qirg‘iziston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i R.Duyshenbiyev va MDH Mudofaa vazirlar kengashi kotibi Yu.Dashkin ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qayd etishicha, MDH Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishining Toshkentda ilk marotaba o‘tkazilishi mamlakatning Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtiroki yangi bosqichda ekanidan dalolat beradi.
O‘tgan yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyot, energetika, ilm-fan va innovatsiya, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalarda 10dan ortiq hamkorlik organlariga qo‘shildi.
Uchrashuv davomida MDH doirasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, idoralararo hamkorlik, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlar, shuningdek harbiy kadrlarni professional tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari, shu jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash yuzasidan fikr almashildi.
MDH mamlakatlari Mudofaa vazirliklari rahbarlari samimiy qabul uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga chuqur minnatdorlik izhor etib, o‘z davlatlari rahbarlari nomidan eng yaxshi tilaklarni yetkazishdi. Mamlakatda Qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, shuningdek, mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha respublikaning tashabbuslari yuqori baholandi.
O‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha Mudofaa vazirliklari o‘rtasida konstruktiv va yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.
Mavzuga oid
22:17 / 25.12.2024
Finlandiya bir haftada 280 ming harbiyni safarbar etishga tayyor
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
12:10 / 25.12.2024
Sobiq isyonchi guruhlar Suriya Mudofaa vazirligini nazorat qilmoqchi
14:30 / 20.12.2024