Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 15-sentabr kuni mamlakat Milliy Assambleyasi spikeri Cho Chjon Shik bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda ikki mamlakat parlamentlari muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.

Ayni paytda parlamentlararo «doʻstlik guruhlari» faoliyat yuritmoqda, parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflari tashkil etilmoqda. Shuningdek, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarining tegishli qoʻmitalari oʻrtasida tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Koreya Milliy Assambleyasi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi koʻmagida Oʻzbekiston Oliy Majlisining har ikki palatasida «Elektron parlament» loyihasi amalga oshirilayotgani ham qayd etildi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament monitoringini taʼminlash uchun alohida hamkorlik mexanizmini yaratish zarurligi taʼkidlandi. Bunda, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi kelishuvlarga eʼtibor qaratiladi.

Uchrashuv yakunida 2027-yilda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan «parlament diplomatiyasi» yoʻnalishida qator tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.
















