Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya prezidenti Li Je Myon bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara oʻtkazdi.
Oʻzbekiston – Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Koreya Respublikasi prezidenti davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hurmat tamoyillari asosida rivojlanib kelayotgan munosabatlar tarixida muhim voqea ekanini qayd etdi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston yetakchisi Koreya Respublikasi oʻtgan yillar davomida yurtimizning ishonchli doʻsti va eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylanganini taʼkidladi.
Bu borada tovar aylanmasi va investitsiyalar koʻrsatkichlari oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekistonda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz bozorida “Samsung”, “LG”, “Lotte”, “Young One”, “BOMI”, “KIA” va boshqa yirik kompaniyalar faoliyat koʻrsatmoqda.
Jizzax viloyatidagi “KIA” avtomobillarini ishlab chiqarish quvvatlari, Milliy bolalar tibbiyot markazi, Surgil koni negizidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi va boshqa yirik loyihalar investitsiyaviy hamkorlikning yorqin namunalaridir.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Eksimbanki va “EDCF” jamgʻarmasi bilan hamkorlik doirasida tibbiyot va sogʻliqni saqlash, sanoat, AKT, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, infratuzilma, taʼlim sohalarida oʻnlab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar davomida parlamentlar, vazirlik va idoralar, hudud rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston rahbari Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning beshta ustuvor yoʻnalishini aytib oʻtdi.

Bular – savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirish.
Joriy tashrif yakunlari boʻyicha investitsiya portfeli koʻlami yanada kengayadi. Xususan, umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.


















