15:38 / 13.10.2018
21008

Jamol Qoshiqchining o‘ldirilish jarayoni uning Apple Watch’iga yozilib qolgan – OAV

Foto: REUTERS

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining so‘roq qilinishi va o‘ldirilish jarayoni uning Apple Watch soatiga yozilib qolgan, deb xabar berdi Turkiyaning Sabah gazetasi huquqni muhofaza qilish organidagi manbalariga tayanib.

Nashrning ma'lum qilishicha, Qoshiqchi konsullik binosiga kirishidan oldin qaylig‘iga iPhone’ini qoldirgan va Apple Watch soatini audiooyozuv rejimiga qo‘ygan. Gazetaning qayd etishicha, smartfon "jurnalistning qo‘lidagi Apple Watch bilan sinxronlashgan".

"Natijada jurnalistning so‘roq qilinishi, qiynoqqa solinishi va o‘ldirilishi jarayoni iPhone’ga uzatilgan va avtomatik ravishda Apple iCloud’ga yuklangan. Xabar qilinishicha, Saudiya razvedkasi vakillari jurnalistning qo‘lidagi soatni payqab qolishgach, undagi yozuvlarni o‘chirishga urinishgan. Ammo ayrim yozuvlar saqlanib qolgan va ular o‘rganib chiqilganidan so‘ng qotillik amalga oshirilgani ma'lum bo‘lgan", — deb yozadi gazeta.

Payshanba kuni Washington Post gazetasi Turkiya AQShga jurnalistning qiynoqqa solingani va o‘ldirilganini isbotlovchi audio va videoyozuvlar mavjudligini bildirganini yozgandi. Gazeta manbasining so‘zlariga ko‘ra, Qoshiqchi 2 oktabr kuni konsullik binosiga kirganidan so‘ng o‘ldirilgan va tanasi nimtalangan.

Washington Post gazetasida sharhlovchilik qiladigan Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasiga kirganidan so‘ng yo‘qolib qolgandi. 

Saudiya hukumatining ta'kidlashicha, jurnalist konsullik binosidan chiqib ketganidan so‘ng yo‘qolib qolgan. Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni jurnalistning yo‘qolib qolishiga aloqador emasligini isbotlashi shartligini bildirdi.

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top