UYeFA Millatlar ligasida 4-tur bahslari start oldi.
Uch kun davom etadigan tur bellashuvlarining birinchi kunida Italiya terma jamoasi safarda Polshani mag‘lub etdi. Birinchi bo‘limda mehmonlar polyaklardan ko‘ra faolroq o‘ynashdi, mezbonlar Janluiji Dannarum qo‘riqlagan darvozaga dastlabki 45 daqiqalikda birorta ham aniq zarba yo‘llay olgani yo‘q.
Ikkinchi bo‘limda ikkala jamoada ham gol urish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, shunga qaramay o‘yin golsiz durang bilan tugashi ham mumkin edi. 92-daqiqada Kristiano Biragi raqib darvozasini ishg‘ol etib, Italiyaga Millatlar ligasidagi ilk g‘alabani taqdim etdi.
«Skuadra adzurra» kechagi raqibi bilan birinchi turda o‘z maydonida durang qayd etgan edi (1:1). Shu tariqa, italyanlar hisobidagi ochkolar soni 4 tani tashkil etdi va jamoa eng kamida «A» divizionidagi o‘rnini saqlab qoldi. Polsha esa musobaqaning eng yuqori ligasidan «B» divizioniga o‘tadigan bo‘ldi.
Qayd etish joiz, ushbu o‘yinda Italiya 6 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga barham berdi. Jamoa so‘nggi marta may oyida Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda (2:1) g‘oliblik nashidasini surgan edi. Bu bosh murabbiy Roberto Manchinining ikkinchi g‘alabasi bo‘ldi.
Polsha – Italiya 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 90 Biragi.
Polsha – Shchensni, Bednarek, Glik, Bereshinski, Retsa (Yendjyeychik, 87), Shimanski (Grositski, 46), Guralski, Zelinski, Linetti (Blashchikovski, 46), Milik, Levandovski.
Italiya – Donnarumma, Kellini, Bonuchchi, Biragi, Florentsi (Pichchini, 84), Keza, Verratti, Bernardeski (Lazanya, 81), Barella, Insine, Jorjino.
Ogohlantirish: Jorjino (31).

Rossiya terma jamoasi Millatlar ligasidagi uchinchi o‘yinida ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ruslar Sochida Turkiyani qabul qilib, 2:0 hisobida ustun kelishdi. Har ikkala bo‘lim o‘rtalarida kiritilgan bittadan gol mezbonlarga 2:0 hisobidagi g‘alabani keltirdi.
JCh-2018 mezboni ilk turda Turkiya maydoniga safar qilib, 2:1 hisobidagi muvaffaqiyat bilan qaytgan, 12 oktabrda esa Kaliningradda Shvetsiyani mag‘lub eta olmagan edi – 0:0. Shu tariqa, 3 o‘yinda 3 ochko jamg‘argan Turkiya endi Rossiya terma jamoasidan (7 ochkoga ega) o‘zib keta olmaydi, hozircha 2 o‘yinda 1 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turgan Shvetsiya oldindagi ikki bahsda g‘alaba qozonib, guruh g‘olibligini qo‘lga kiritish imkoniyatini saqlab qolmoqda.
















