Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonga 200 mln yevro ajratdi
Yevropa investitsiya banki O‘zbekiston Respublikasiga ilk kreditlarini taqdim etadi. U bilan suvdan foydalanish infratuzilmasi va energiya samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.
Birinchi 100 million yevrolik kredit suv va oqava suv loyihalarini moliyalashga mo‘ljallangan bo‘lib, u Yevropa Ittifoqi rahnamoligidagi Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlar va Atrof-muhit dasturi doirasida amalga oshiriladi. Loyihalar O‘zbekistonga ko‘p jihatdan tashqi suv zaxiralariga bog‘liqlik va joylarda ichimlik suvi zaxiralari yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga ko‘mak beradi. O‘zbekistonda iste'mol qilinadigan suvning yaqin 80 foizi qo‘shni mamlakatlardan keladi.
Ikkinchi 100 million yevrolik qarz kredit liniyasi sifatida rejalangan bo‘lib, O‘zbekistondagi kichik va o‘rta hajmdagi korxonalar, o‘rta hamda xususiy sektor kompaniyalarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan investitsiyalarni o‘zlashtirishda ko‘mak beradi. YeIB mablag‘i hukumatning mamlakatda energiya iste'moli darajasini 2030 yilga qadar 50 foizga kamaytirish rejasini amalga oshirishga yordam beradi va bu borada sanoat sektorida juda ko‘p o‘zgarishlar qilish imkoniyati mavjud.
“YeIB O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganiga bir yil to‘lganida mamlakat tarixida ilk bor YeIB kredit shartnomalari imzolanganidan juda ham xursandmiz. Ular mamlakat iqtisodiga ko‘mak beradi va ayni paytda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etishga hissa qo‘shadi. Mazkur ikki kredit suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tejamkor hamda ekologik bezarar texnologiyalarni qo‘llashga o‘tishda ko‘mak beradi. Energiyani ko‘p iste'mol qiladigan sanoatga ekologik bezarar investitsiyalar kiritish orqali YeI banki barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, toza energiya hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash ishlariga hissa qo‘shmoqda”, - deydi Markaziy Osiyo uchun YeIB mas'ul vitse-prezidenti Vazil Xudak.
O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari va Davlat investitsiya qo‘mitasi raisi Suhrob Xolmurodovning so‘zlariga ko‘ra, suv va energiya sektorlaridagi dastlabki ikki hujjatni imzolash orqali O‘zbekiston va YeIB o‘rtasidagi bitimda ko‘zlangan hamkorlik yangi darajaga ko‘tariladi.
“Biz YeIBning O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan juda muhim ijtimoiy infratuzilma loyihalari, yashil energiya targ‘iboti va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalarni rivojlantirishda ko‘rsatadigan yordamini qadrlaymiz”, - deydi Xolmurodov.
Har ikki loyiha Jahon Banki bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda hamda Markaziy Osiyo uchun Investitsiyalar Jamg‘armasi tomonidan texnik yordam berilishi kutilmoqda. Mazkur jamg‘arma Yevropa Komissiyasi tomonidan boshqariladi va Markaziy Osiyo davlatlarida inklyuziv va barqaror o‘sishni qo‘llovchi ustuvor investitsiyalarni boshqarishda yordam beradi.
Ma'lumot uchun: Yevropa investitsiya banki (YeIB) Yevropa Ittifoqining uzoq muddatga kreditlar beradigan tashkiloti bo‘lib, unga barcha a'zo davlatlar egalik qiladi. Tashkilot YeI maqsadlariga hissa qo‘shish yo‘lida ishonchli sarmoyalar uchun uzoq muddatli mablag‘lar ajratadi. YeIdan tashqarida mazkur bank avvalroq Yevropa Komissiyasi bilan assotsiatsiya yoki hamkorlik bitimlari imzolagan mamlakatlar iqtisodiga hissa qo‘shadigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Mavzuga oid
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024
Qishloq xo‘jaligida suv olish limiti xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi
13:30 / 25.10.2024