Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Kogon tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

Tekshiruv davomida «Buxoro suv taʼminoti» AJ boʻlimining sobiq nazoratchisi Sh.S. 25 nafar fuqarodan goʻyoki suv isteʼmoli uchun toʻlov sifatida 100 AQSH dollari va 17,8 mln soʻm olgani aniqlangan.

Departament maʼlumotiga koʻra, sobiq nazoratchi ushbu mablagʻlarni fuqarolarning suv isteʼmolidan yuzaga kelgan qarzdorligini toʻlashga yoʻnaltirmagan. U pullarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi - firibgarlik bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.