Oʻzbekiston prezidentining farmoni bilan Timur Nuryigitovich Butunbayev Prezident administratsiyasi rahbarining suv islohotlari boʻyicha oʻrinbosari - Huquqiy ekspertiza departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan Butunbayev Prezident administratsiyasi rahbarining suv taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.
Timur Butunbayev suv xoʻjaligi va suv resurslarini boshqarish sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan.
Xususan, Prezident administratsiyasidagi faoliyatidan oldin u Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2025-yil 14-iyulda prezidentning tegishli farmoni bilan Timur Butunbayev Prezident administratsiyasi rahbarining suv taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlangan. Shu munosabat bilan u suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Suv xoʻjaligi vazirligidagi faoliyati davomida Butunbayev sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv yoʻqotishlarini kamaytirish, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalalari bilan shugʻullangan.
Prezident administratsiyasi rahbari oʻrinbosari sifatida ham u suv xoʻjaligi va suv taʼminoti sohasidagi islohotlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etdi. Jumladan, 2026-yil iyunida Namangan viloyatida suv xoʻjaligi sohasidagi muammolar, infratuzilma loyihalari, kanallarni betonlash, davlat-xususiy sheriklik va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish masalalari muhokamasida qatnashgan.
2026-yil iyulida esa Timur Butunbayev Nyu-Yorkda oʻtkazilgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha yuqori darajadagi siyosiy forumida Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
U forumda Oʻzbekistonda suv xoʻjaligida amalga oshirilayotgan institutsional va huquqiy islohotlar, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sohani raqamlashtirish hamda mintaqaviy suv diplomatiyasini rivojlantirish boʻyicha mamlakat tajribasini taqdim etgan.
Shuningdek, oʻsha oyda Butunbayev BMT Taraqqiyot dasturi rahbariyati bilan Oʻzbekistonning suv xavfsizligi, iqlimga barqarorlik va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etgan.
Endilikda Timur Butunbayev Prezident administratsiyasi rahbarining suv islohotlari boʻyicha oʻrinbosari vazifasi bilan bir qatorda Huquqiy ekspertiza departamenti boshligʻi lavozimini ham egallaydi.















