O‘zbekiston | 11:20 / 18.10.2018
7455
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori loyihasi: Nurafshon shahri kompleks rivojlantiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2018-2020 yillarda Toshkent viloyatining Nurafshon shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2018-2020 yillarda Toshkent viloyatining Nurafshon shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanishi mumkin:

sanoat, xizmatlar sohasini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati;

yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, elektr-energiya, aloqa axborotlashtirish, ichimlik va oqova suv hamda tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari;

yangi uy-joylarni qurish, issiqlik ta'minoti, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish chora-tadbirlari;

ijtimoiy soha obektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash chora-tadbirlari.

Toshkent viloyati hokimligi:

manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlasin va bunda investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mo‘ljallangan hajmlari o‘zlashtirilishini va yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutadi;

muammoli masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi.

Toshkent viloyati hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda, loyihaning qiymatini va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatiga, zaruratga ko‘ra, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

“O‘zdavergeodezkadastr” qo‘mitasi, Qurilish vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xatlovlar natijasida aniqlangan egasiz obektlar hamda umumiy maydoni 0,7 gektar bo‘lgan 4 ta yer uchastkalarini o‘rnatilgan tartibda mahalliy hokimlik ixtiyoriga berish, kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan tadbirkorlik sub'yektlariga belgilangan tartibda ajratish ishlarini tashkil etadi va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi.

Toshkent viloyati hokimligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Nurafshon shahar aholisini ko‘ngilli hordiq chiqarish, shuningdek, sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida zamonaviy attraksion va o‘yin qurilmalar bilan jihozlangan istirohat bog‘i hamda zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan dehqon bozorini qurish bo‘yicha aniq taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid