O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning qo‘shma bayonoti matni e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin 2018 yilning 18-19 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Rossiya muzokaralari ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari va strategik sheriklikning yuqori darajasini aks ettiradigan an'anaviy ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng qamrovli masalalarini muhokama qilib, uni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim yo‘nalishlarni belgilab oldilar.

Tomonlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida Bitim, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida Shartnoma va 2012 yil 4 iyunda imzolangan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Deklaratsiya asosida munosabatlarni chuqurlashtirishga intilishlarini tasdiqladilar. Davlat rahbarlari barcha darajalarda muloqot va aloqalarning faollashuvi natijasida O‘zbekiston va Rossiya davlatlararo hamkorligining sifat jihatdan yangi bosqichi boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Sh.M.Mirziyoyev va V.V.Putin ikki davlatning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning dolzarbligini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan, 2018 yil 7 sentabrda 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya ishining samaradorligini qayd etgan holda, davlat rahbarlari mazkur yo‘nalish bo‘yicha faoliyatga yangi kuchli turtki berishga qaror qildilar. Bu maqsadda prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasida qo‘shma komissiya tuzishga kelishib oldilar, unga ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini yanada oshirish, o‘zaro eksport-import operatsiyalari, xususan, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ikki tomonlama savdoda o‘zaro manfaatli asoslarda bojxona va u bilan bog‘liq bo‘lmagan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish topshiriladi.