Oʻzbekiston Rossiyadan gʻalla va naslli qoramol olib kelishga qiziqish bildiryapti, deya xabar berdi Savdo-sanoat palatasi.
11-sentabr kuni Moskvada SSP rahbari Davron Vahabov va STEP agroxolding bosh direktori Andrey Nedujko oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilgan.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri har yili Oʻzbekistonga 7000 bosh golshtein zotli naslli qoramol olib kirish taklifi boʻldi. Ularni mahallalardagi oilalarga taqsimlash rejalashtirilmoqda. Bu zotdagi sigirlar sutkasiga 40 litrgacha va undan koʻproq sut berishi mumkinligi taʼkidlanyapti.
Mazkur tashabbus oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga barqaror daromad manbaini yaratish va oilalarning kambagʻallikdan chiqishiga yordam beradi.
Shuningdek, Rossiyada hosil yuqori boʻlgani sababli Kaspiy dengizi orqali Oʻzbekistonga 500 ming tonna bugʻdoy yetkazib berish masalasi ham koʻrib chiqildi. Buning uchun Astraxan va Maxachqalʼa portlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Yana bir ustuvor yoʻnalish - sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi boʻldi. Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.















