Dunyo sinov dunyosi. Buni barchamiz e’tirof etamiz. Alloh kimnidir to‘kin-sochinlik, boylik ne’mati bilan siylasa, boshqa bir bandasini qashshoqlik, yetar-yetmaslik bilan sinaydi. Shu bilan, shubhasiz, o‘sha qashshoq inson atrofidagilar ham sinaladi. Siz-u biz sinalamiz. Kimimiz ularga xayr-saxovat qo‘limizni cho‘zsak, ehtimol yana kimdir ularni qo‘l uchida ko‘rsatar! 

Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari bo‘ylab xizmat safarimiz chog‘ida shu yilning yoz oylarida bo‘lganimiz shunday oilalardan biri – Talimarjon shaharchasi “Obod” mahallasi, Ulug‘lik ko‘chasi, 3-, 5-uylarda yashab kelayotgan oilalar holidan yana bir bor xabar oldik. Mahalla raisi Said aka Ro‘ziyevning aytishicha, mahallada Karimov Davron va u bilan yon qo‘shni bo‘lgan qaynotasi To‘rayev Qodir xonadoni ahllari haqiqatdan ham juda og‘ir iqtisodiy sharoitlarda yashab kelishadi. Bunday oilalar esa, mahallada 5ta. Ro‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, mahallaning o‘z fondi bo‘lganida, balki ushbu oilalarga o‘z vaqtida yordam berish imkoni bo‘lar edi. 

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

https://mover.uz/video/embed/rSr6S11m/

Ta’kidlash o‘rinliki, Nishon tumanining o‘sha vaqtdagi hokimi Asror Jo‘rayev bizning avvalgi tashrifimizda (2018 yil may oyi boshlari) ayni oila sharoitini yaxshilash, turmush o‘rtog‘i va farzandini (oilaning to‘ng‘ich farzandi, otasi kabi payvandchi, ammo Qozog‘istonda) ishga joylashtirish masalasida yordam berishga va’da bergan edi. Afsuski, hokim so‘zlari va’daligicha qolib ketibdi. 

Qolaversa, Karimov Davronning uyi qulab ham tushgan. Hashar yo‘li bilan qurilayotgan uyning bitishidan hali darak yo‘q. Buning uchun xonadon ahlida mablag‘ tanqis. Eru-xotin nafaqada bo‘lgan To‘rayev Qodir akaning yashab turgan uyi ham ana-mana qulab tushadigan. Zudlik bilan chora ko‘rilmasa, bu yilgi qish mavsumi og‘ir kelsa, ular ko‘chada qolish ehtimoli ham yo‘q emas.