Haydovchilarning belgilangan tezlikni oshirgani uchun jarimalar kattalashdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128(3)-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi):
uchinchi qismining sanksiyasidagi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi - eng kam ish haqining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) «yetti» degan so‘z «to‘qqiz» degan so‘z bilan almashtirildi;
to‘rtinchi qismining (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi - eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi) sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum qilishga sabab bo‘ladi»;
beshinchi qismining sanksiyasi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun uch marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi - transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi) quyidagi tahrirda bayon etildi:
«transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum qilib, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi».