O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktabr kuni oliy ta'lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Keyingi yillarda oliy ta'limni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Zamonaviy ta'lim standartlari, talabalikka qabul qilishning shaffof tizimi joriy etildi. Joriy yilda umumiy qabul kvotalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz oshdi.
Prezident qarorlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish, ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha dasturlar professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Joriy yilda mamlakatda jami 13 ta yangi oliy ta'lim muassasasi, jumladan, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Rossiya Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi "Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti"ning Olmaliq shahridagi filiali, Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Puchon universiteti faoliyat boshladi.
Davlat rahbarining joriy yil 25 sentabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etishga, shuningdek, iqtidorli yoshlarning rivojlangan mamlakatlarda ta'lim olishi, yetakchi xalqaro institutlar va xorijiy tashkilotlarda malaka oshirishiga ko‘maklashadi.
Joriy yilda ilk bor xalqaro tajribalar asosida oliy ta'lim muassasalarining milliy reytingi yaratildi, ta'lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari tahlil qilindi. Mazkur tahlil sohada qator muammo va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.
Jumladan, oliy ta'lim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga nisbatan 7-9 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 74, Koreya Respublikasida 96 foizdir.
Yig‘ilishda oliy ta'lim muassasalarining nufuzi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o‘ringa ega emasligi qayd etildi. Ta'lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.















