Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Bo‘ston» va «Birlik» mahallalari, «Polvosh» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 30ga yaqin dehqonlar kontraktatsiya shartnomasi asosida yetishtirib berilgan qalampir ko‘chatlarining pulini ololmay xunob bo‘layotgani haqida KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilishdi.

Biz Beruniy tumanida dehqonlar bilan uchrashib, ularni bir necha oydan beri sarson qilayotgan muammoni o‘rgandik.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida  60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

2018 yil 27 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Qarorni bajarish uchun, qalampir ko‘chatlari yetishtirishni ta'minlash va Respublika hududlariga yetkazib berish GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) MChJ zimmasiga yuklatildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marotaba achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi.

2018 yil fevral oyida GMG kompaniyasi Beruniy tumani dehqonlari bilan kontraktatsiya shartnomasi imzoladi. Unga asosan buyurtmachi hisoblanmish GMG kompaniyasi dehqonlarni qalampir urug‘i bilan ta'minlash, dehqonlar esa qalampir ko‘chatini yetishtirib berish majburiyatini oldi.

Qayd qilish joizki, Beruniy tumanida 400dan ortiq issiqxonalar bor. Bu yerning dehqonlari ko‘p yillardan buyon pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon ko‘chatlarini yetishtirib, bahorda Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlari, qo‘shni Xorazm va Buxoro viloyatlariga sotish bilan shug‘ullanishadi. Oilalarning asosiy daromadi mana shu ishlardan olinadi.

GMG kompaniyasi ko‘chatlarni 20 aprel - 10 may oralig‘ida yetishtirib berish shartini qo‘yadi va ularning har birini 90 so‘mdan xarid qilish majburiyatini oladi.

Kompaniya shartnomada ko‘rsatilgan umumiy qiymatning 30 foizini oldindan bo‘nak sifatida to‘lab bergan. Qolgan qismi esa to‘lanmagan. Ko‘chatni o‘z vaqtida yetishtirib bergan dehqonlar esa uning pulini ololmay ayni paytgacha ovora bo‘lmoqda.