Sport | 17:10 / 28.10.2018
17389
4 daqiqa o‘qiladi

OKMK «Paxtakor»ni mag‘lub etib O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi

Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kubogi finalida OKMK sensatsion ravishda «Paxtakor»ni mag‘lub etdi.

17-daqiqada «Paxtakor» sardori Marko Simich o‘z jarima maydonida Kamoliddin Murzoyevning qo‘lidan ushlab qoldi, natijada belgilangan penaltini Yovan Jokich muvaffaqiyatli amalga oshirib, hisobni ochdi.

54-daqiqada «Paxtakor»ning braziliyalik hujumchisi Tiago Bezerrani olmaliqlar legioneri Vladimir Bubanya chalib yiqitgandek bo‘ldi. Biroz bahsli tuyulgan vaziyatda hakam o‘n bir metrlik nuqtani ko‘rsatdi: Ismael Gonsalvesh imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi va hisob tenglashdi – 1:1.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari yana hisobda oldinga chiqib olishdi. Bu vaziyatda Oybek Qilichev o‘ziga yaqin masofada ochiq turgan Jokichga vaqtida pas uzata oldi, Yovan esa jarima maydoni chizig‘i yaqinida to‘pni to‘xtatmasdan darvozaning uzoq burchagiga aniq yo‘naltirdi – 2:1.

O‘yinning so‘nggi daqiqasi o‘tib borayotgan pallada Jasur Hasanov o‘z qanotidan jarima maydoniga kirib kelib, to‘pni Muzaffarovga uzatdi, uning zarbasini Eldor Suyunov qaytarishga erishdi. Ammo darvozabondan qaytgan to‘p Zohir Pirimovga kelib tushgach, u o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 3:1 va OKMK - O‘zbekiston kubogi sohibi.

Shu tariqa, Olmaliq shahri jamoasi o‘z tarixida ilk marta O‘zbekiston kubogi finalida o‘ynash bilan birga unda bosh sovrin sohibi bo‘lishga erishdi. Natijada klub kelasi mavsum Osiyo Chempionlar ligasi uchun saralash o‘yinida qatnashadigan bo‘ldi. Baxtiyor Ashurmatov jamoasi 2019 yilning 12 fevralida Iroqning «An-Nasr» klubiga qarshi o‘ynaydi. Bir uchrashuvdan iborat pley-offda g‘alaba qozonishsa, olmaliqlar o‘z tarixida ilk bor OChLda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston kubogi, final
28 oktabr. Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni. 11152 tomoshabin
OKMK – PAXTAKOR – 3:1 (1:0)
Gollar: Jokich (18 pen, 57), Pirimov (90)  - Gonsalvesh (54, pen)
OKMK: Roman Abdulov, Abduqahhor Hojiakbarov, Azamat Isroilov, Jasur Hasanov, Lutfulla To‘rayev (S), Zohir Pirimov, Vladimir Bubanya, Kamoliddin Murzoyev (Zafar Polvonov, 84 – Javlon Guseynov, 90+1), Vladislav Kosminin, Yovan Jokich, Oybek Qilichev (Muzaffar Muzaffarov, 84).
Paxtakor: Eldor Suyunov, Akmal Shorahmedov (Igor Sergeyev, 86), Sherzod A'zamov, Dilshod Rahmatullayev (Jasur Yaxshiboyev, 75), Jaloliddin Masharipov, Ismael Gonsalvesh, Vladimir Kozak (Jamshid Iskanderov, 46), Farrux Sayfiyev, Marko Simich (S), Cheran Dragan, Tiago Bezerra.
Ogohlantirishlar: To‘rayev (34), Kosminin (38), Hojiakbarov (39), Jokich (80) - A'zamov (32)
Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodulla Abdurahmonov, Olim To‘ychiboyev
Nazoratchi: Ma'mur Saidqosimov
Komissar: Bahodir Mirzayev

Mavzuga oid