Istanbuldagi uchinchi aeroportning birinchi bosqichi ochilish marosimi bugun, 29 oktabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Dunyoning eng yirik aeroportni qurish bo‘yicha tenderda Limak-Kolin-Cengiz-MaPa-Kalyon kompaniyalari konsorsiumi 26,14 milliard yevrolik taklif bilan g‘alaba qozondi.

Marosim mahalliy vaqt bilan soat 16:30da boshlanadi va unda turli mamlakatlarning 50dan ziyod yuqori martabali vakillari ishtirok etadilar. Ular orasida Albaniya prezidenti Ilir Meta, Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Kosovo prezidenti Hoshim Tachi, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Mustafo Oqinji, Makedoniya prezidenti Georgiy Ivanov, Moldovaning prezidenti Igor Dodon, Pokiston prezidenti Arif Alvi , Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Sudan prezidenti Umar Hasan Ahmad al Bashir, Bosniya va Gertsegovina bosh vaziri Denis Zvezdich, Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov, Sloveniya bosh vaziri o‘rinbosari va infratuzilma vaziri Alenka Bratushek, Gruziya TIV rahbari David Zalkaliani, Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bor.
O‘zbekistondan marosimda bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Fuqarolar so‘nggi tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan ochilish marosimi joyiga yig‘ilishmoqda. Aeroportga yo‘lda Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning portretlari o‘rnatilgan.
Aeroport hududida prezident Erdo‘g‘anning quyidagi so‘zlari yozilgan plakatlar o‘rnatildi: «Bu shunchaki aeroport emas, g‘alaba ramzidir».
























