Turkiyaning Aydin viloyatida bank kartalari orqali amalga oshirilgan shubhali moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha 10 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi tekshiruvga jalb qilingan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Konsulxona Turkiya Ichki ishlar vazirligi tizimidagi idoralardan olingan ma’lumotlarga tayanib, fuqarolarning huquqiy maqomi bir xil emasligini bildirdi. Ayrim o‘zbekistonliklar sud qarori bilan qamoqda saqlanayotgan bo‘lsa, boshqalari deportatsiya markazlariga joylashtirilgan. Yana bir guruh fuqaro esa Turkiyadan chiqib ketmaslik majburiyati bilan ozod qilingan.
Tergov jarayonida har bir shaxsning mazkur moliyaviy operatsiyalarga qanchalik aloqador ekani, uning bank hisoblaridan qancha mablag‘ o‘tkazilgani va ish bo‘yicha boshqa holatlar o‘rganilmoqda. Shu ma’lumotlar asosida fuqarolarga nisbatan qo‘llanadigan huquqiy choralar belgilanadi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyaning tegishli idoralari bilan aloqada bo‘lib, ishni kuzatmoqda va tergovga jalb qilingan fuqarolarga konsullik hamda huquqiy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini bank kartasi, hisob raqami yoki mobil banking xizmatlaridan boshqa shaxslar nomidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Shuningdek, manbasi noma’lum pullarni qabul qilish yoki boshqa hisoblarga o‘tkazishdan saqlanish so‘raldi.
Diplomatik vakolatxona bunday operatsiyalarda vositachi sifatida ishtirok etish Turkiya qonunchiligida jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.









