AQShda qandolatchi kasal rafiqasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi uchun mahsulotlari barvaqt sotib olinmoqda
AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan Sil Bich shahri aholisi mahalliy qandolatxona egasi do‘konni ertaroq yopib, shifoxonadagi bemor rafiqasi yoniga tezroq borishi uchun undan barcha pishiriqlarni iloji boricha ertaroq sotib olishga harakat qilishmoqda.
Qandolatxona 28 yil avval ochilgan, uni egalari Jon va Stella Chan odatda birga ishlashgan. Biroq oktabrda do‘konning doimiy mijozlari Stella ishga chiqmayotganini payqashgan. Ular bu haqda Jondan so‘rashganda, u rafiqasi anevrizma kasali sababli shifoxonaga tushib qolganini aytgan.
Shunda doimiy mijozlardan biri Doun Kaviola agar Chan ishini ertaroq tugatsa, unda ishdan barvaqt ketib, rafiqasini ko‘rgani borishi mumkinligi haqidagi qarorga kelgan. Buning uchun esa pishiriqlar ertalabdanoq sotib ketilishi kerak bo‘lgan. Kaviola mahalliy aholiga bu haqidagi taklif bildirilgan xabarni jo‘natgan va aholi bunga katta ishtiyoq bildirgan.
O‘shandan beri Chan mahsulotlarni tushlikkacha, avvalgidan taxminan 3 soatcha oldin sotib bo‘lmoqda. Hattoki bir marta do‘konga ertalabdan shunchalik ko‘p mijoz kelganki, Chan soat 10gacha bo‘shashga muvaffaq bo‘lgan. Mahalliy fuqarolardan biri Karen Komo Chandan o‘z guruhi uchun ertalabdan 36 ta ponchik sotib olgan. “Navbat sababli kech qoldim, biroq hech kimning jahli chiqmadi, chunki men darsga ponchliklar bilan borgandim-da”, deb eslamoqda Karen Komo.
Boshqa bir fuqaro Mark Lupeskoning aytishicha, Chanlar oilasini boqish uchun hamisha ko‘p ishlaydilar.
“Biz ularni, ayniqsa hozirda yordam kerak bo‘lgan bunday vaqtda qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deb aytgan Lupesko.
Mijozlardan biri hattoki Chanlar uchun GoFundMe’da pul yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq Chan buni rad etgan. Kaviolaning ta'kidlashicha, Chan puli yetarliligini, u shunchaki rafiqasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayotganini aytgan.