Shigeaki Xinoxara — Yaponiyaning uzoq umr ko‘ruvchilar mamlakati nomini olishiga sababchi insonlardan biri. Uning o‘zi ham misli ko‘rilmagan faol keksalik davri namunasidir. Xinoxara 75 yoshidan keyin 150 ta kitob yozgan. Ular orasida eng mashhuri “Uzoq umr ko‘rish, yaxshi yashash” nomli kitob 1,2 million adadda chop etilgan. 100 yoshdan keyin odamlarni davolash va ma'ruza o‘qishda davom etgan.

Ta'kidlash joizki, Xinoxarani faqat shifokor sifatida tanishmagan, u 90 yoshida o‘z orzusini amalga oshirib, orkestr dirijyorlik pultini boshqargan. Shifoxonada o‘z bemorlari uchun musiqiy oqshomlar uyushtirgan.

Quyida Shigeaki Xinoxaraning uzoq umr ko‘rishga oid qoidalari bilan bo‘lishishga qaror qildik.

1. Inson taom yoki uyqudan emas, shodlik lahzalaridan quvvat oladi. Yodingizda bo‘lsa, bolalik chog‘imizda quvnoq  damlarda hatto ovqatlanishni ham, uyquni ham unutib qo‘yar edik. Kattalarda ham shunday. Tanamizni ortiqcha taom yoki uyqu bilan qiynashga hojat yo‘q.

2. Har qanday irq, millat yoki jins vakillari uzoq yashashi mumkin. Ularni faqat bir jihat birlashtiradi: uzoq umr ko‘ruvchilar orasida birorta ortiqcha vaznli odam yo‘q. Masalan, men nonushtaga bir choy qoshiq zaytun moyi qo‘shilgan qahva yoki sut yo apelsin sharbati  ichaman (u arteriyalar va teri uchun foydali). Tushlikka – pechene va sut, agar haddan tashqari band bo‘lsam, hech nima. Men ishlayotgan vaqtimda umuman ochlikni his qilmayman. Kechki ovqatga sabzavotlar, biroz baliq va guruch yeyman. Haftada ikki marta 100 grammdan yog‘siz go‘sht iste'mol qilaman.

3. Ishlarni doim oldindan rejalashtiring. Mening ish daftarim odatda kelgusi yilgacha to‘lgan bo‘ladi – bemorlar oldindan  qabulga yoziladi, ma'ruzalar va shifoxonadagi ishlar. Biroq 2016 yilda biroz ko‘ngil yozishni rejalashtirdim va Tokiodagi Olimpiadada bo‘ldim.

4. Pensiyaga umuman chiqish kerak emas. Agar buni chetlab o‘tishning iloji bo‘lmasa, buni imkon qadar kechroqqa suring. Bugunga kelib Yaponiyada pensiya yoshi – 65 yosh, lekin bu yarim asr ilgari belgilangan me'yor, u davrda mamlakatdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 68 yosh bo‘lgan, butun Yaponiya uchun 100 yoshli qariyalar soni esa atigi 125 kishi bo‘lgan. Hozir yapon ayollari o‘rtacha 86 yil umr ko‘rishadi, erkaklar esa – 80 yilgacha, 100 yoshdan oshganlar soni esa – 36 ming nafar!

5. O‘z bilimlaringiz bilan bo‘lishing. Men yiliga 150 ma'ruza o‘qiyman, ular turli auditoriyalarga mo‘ljallangan – maktab o‘quvchilaridan tortib to ishbilarmonlargacha. Mening ma'ruzalarim bir soatdan bir yarim soatgacha davom etadi va men ularni tik turgan holatda o‘qiyman.

6. Shifokor sizga qandaydir tahlil topshirish yoki operatsiya qildirishni tavsiya qilsa, unga savol bering: xuddi shu tavsiyani o‘z farzandlari, ayoli yoki qarindoshlariga bergan bo‘larmidi yoki yo‘q? Shifokorlar hamma kasallikni ham davolay olmaydi. Ortiqcha azob-uqubatlarga nima hojat? Ba'zan musiqa yoki jonivorlar terapiyasi jarrohlik operatsiyalaridan yaxshiroq yordam beradi.