Bunday o‘ylab ko‘rsak, o‘sha yaqin o‘tmish — «qora tushlar» ko‘rib yurgan kezlarimizda juda ko‘plab sohalar qatori, matbuot ham davlat qaramog‘iga, otalig‘iga qattiq suyanib qolgan, boqimandalik kayfiyatida tebranib yurgan ekan. O‘zimizni o‘zimiz «davlat siyosatining beminnat propagandisti» deya atab mazza qilgan ekanmiz-da. Bu tobora kuz yarimlab, qish yaqinlashganida sezilyapti. Axir bu pallada «davlat nashrlari» degan tamg‘a yopishtirilgan matbuot lashkari «obuna» degan ulkan protsessni boshlaydi.

Ammo kutilmaganda ta'lim vazirining inqilobiy o‘zgartishlarga qo‘l urishi va uning Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi oqibatida, ya'ni birgina (!) ta'lim tizimi xodimlarini davlat gazeta va jurnallariga avvalgidek majburiy obuna qildirish mexanizmiga «o‘t qo‘yib» yuborilishi qanchadan-qancha «orzu»larni sarobga aylantirmoqda. «Protsess» tobora taranglashmoqda. Do‘ppisi yerga tushib ketsa, pul berib oldirishdan toymaydigan moliyaviy barqaror nashrlar ham kelajakni o‘ylab qattiq sukutga cho‘mdi — «Bu yog‘i nima bo‘larkin?».

Noteng raqobatning «beshafqat» to‘lqini

Ha, bugun — ilg‘or texnologiyalar zamoni. Bu holat an'anaviy matbuot uchun notanish emas. O‘tgan asrning 50-yillaridan keyin jurnalistikaning yangi to‘lqini — televideniye degani hayotimizga jadal kirib kelgan pallalarda ham bunday tebranish, aniqrog‘i, kuchli yo‘tal yuzaga kelgan. Hatto ayrim mutaxassislar «Tamom, ming yillardan buyon yashab kelayotgan qog‘oz nashrlarning kuni bitdi», deyishdan ham tap tortmagandi. To‘g‘ri, o‘shandan buyon dunyo bo‘yicha minglab gazeta va jurnallar sinib, yo‘q bo‘lib ketdi. Hozir ularni faqat kutubxona yoki muzeylardan topish mumkin.

Biroq bizni shunday noteng raqobat muhitida ham yashab qololgan nashrlar ko‘proq qiziqtiradi. Ular nimaning evaziga jon saqladi? Aynan shu savol bugun bizning davlat nashrlari oldida ham ko‘ndalang turmog‘i lozim.

Chunki bugun an'anaviy matbuot televideniyedan ham kuchliroq va «beshafqat» raqib — internet bilan kuch sinashishi, o‘quvchilarga o‘zining takrorlanmas afzalliklari borligini isbotlashi kerak. U gazetaning «hidi», «qo‘l bilan ushlash mumkinligi», «asrab qo‘yish mumkinligi», «yoqmasa yirtib yoki chizib tashlash mumkinligi», «ichidagi faktlarni o‘zgartirish ilojsizligi» va yana boshqa «masala»larda ishlatish mumkinligi bilan emas, balki ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, kerak bo‘lsa, iqtisodiy jabhadagi konkret yangiliklari bilan jurnalistika bozoriga kirib borishi lozim.