* Biz matbuot do‘konlarida ijtimoiy-siyosiy nashrlarning bo‘lmasligiga o‘rganib qoldik...

* Bozorlarda, gavjum joylarda bunday nashrlarni yerga yoyib sotishayotganiga ko‘nikmadik, uchratmadik...

* Avtobuslarda, avtoturargohlarda yosh bolalarning shov-shuvli, jiddiy maqolalar haqida bong urgani haqida eshitmadik...

* TVda rasmiy nashrlarning reklamasi, sharhi berilmadi...

Bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Chunki muassisi bo‘lgan nashrlar «ko‘chada» qolmasdi... 

Rasmiy-siyosiy nashrlar «indamaygina», «imi-jimida» tashkilotlarga kirib bordi. Davlat tashkilotiman, degan borki, yilning so‘nggi choragida obuna muammosiga duch keldi. Gazetaga muammo, deb qaraldi. Buning ko‘plab asosli omillari bor, albatta.

«Jiddiy» gazetalar o‘ta jiddiylashib ketdi. Kam eshitadigan, ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldi. Orol qurib bordi, nashrlar sahifalarini suv bosdi... Katta yozuvchi aytganidek, mazmun degan narsa bir paqir suvning ustida suzib yurgan yog‘ga o‘xshab qoldi. Nashrlarimiz ko‘pincha jiddiy tashkilotlarning hisoboti, me'daga tegadigan tadbirlari bilan to‘yindi. Xodimlar qarg‘a «qag‘» etganda bosiladigan tanqidiy, tahliliy materiallar bilan gazetxonni ushlab turishiga ishondi. Jurnalist muammoni izlab borganidan ko‘ra, muammo jurnalistni izlab kelgan holatlar ko‘p bo‘ldi. Bunday murojaatlarga javoban hafsala qilgan tahririyatlar bo‘ldi. Muammoni borib o‘rgandi, yechim topdi.

Va bu harakatlar bizni harakatsizlikka o‘rgatib qo‘ydi.

Bu urinishlar bilan gazeta qilib bo‘lmas ekan. Bunday gazetalarni odamlar o‘z istagi bilan o‘qimas ekan. Matbuot do‘konidan izlamas ekan. 

Natija esa bugun ko‘pchiligimizga ma'lum. 

UYQU UYFOTDI...

Rasmiy bosma nashrlarning uzoq uyqusi internetni uyg‘otib yubordi. Biz kecha tan olmaganimiz, tasavvur qilolmaganimiz uchun bugun uyalib qolyapmiz. Texnika – bu texnika, taraqqiyot – bu taraqqiyot!

Insoniyat yo‘qolib ketgan turlar haqida gapirganda, odatda dinozavrlar va mamont­larni esga oladi. Chunki ular hajman katta. Shu sabab, bizga qiziq tuyuladi. Va ularni o‘zimizcha «sog‘inib» ham qo‘yamiz. Kino va multfilmlarda, badiiy asarlarda gavdalantiramiz. Insoniyatni shafqatsizlikda, tabiat kushandasi sifatida ayblaymiz. Bugungi kunda yo‘qolib borayotgan turlar fojiasidayam insonni ayblaymiz.