Dam olish kunlari Italiya chempionatida 12-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» «MILAN»NI MAG‘LUB ETDI, RONALDU ILK MARTA MILANDA GOL URDI

A Seriya peshqadami «Yuventus» safarda «Milan» bilan bellashdi. O‘yin mehmonlarning tashabbusi ostida o‘tdi. Ularning hujumlari xavfliroq tus oldi, himoyada esa xatoga yo‘l qo‘yishmadi. 

8-daqiqada Aleks Sandro tomonidan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni Manjukich boshi bilan darvozaga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. Shundan so‘ng, «Milan» raqibga qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rdi. Bo‘lim oxirida mezbonlarda hisobni tenglashtirish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lgan edi. Ammo Iguain tepgan penaltini darvozabon Shchensni qaytara oldi. 81-daqiqada Ronaldu himoyachi Sapatani ortda qoldirib, «Milan» darvozasini ishg‘ol qildi. Bu portugaliyalik to‘purarning Milan shahrida urgan ilk goli bo‘ldi. «Manchester Yunayted» va «Real» bilan «San Siro»da o‘tkazgan avvalgi 5ta o‘yinida u raqib darvozasini ishg‘ol etolmagan edi. Bahs oxirida Iguainning asabi dosh bermadi: oldin u Benatiaga nisbatan qo‘pollik qilib, sariq karta oldi, keyin hakam bilan tortishib qolib, maydondan chetlatildi.

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 34 ochko bilan 1-o‘rinda, «Milan» esa 21 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda.  

O‘yindan so‘ng, Krishtianu Ronaldu o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, shunday dedi: «O‘yindan ham, jamoadan ham mamnunman. 2:0 hisobidagi g‘alaba qahramonlik emas. Biroq, bugun uch ochkoni qo‘lga kiritib, «Napoli» bilan oramizdagi farqni saqlab qolmoqchi edik. Buni uddaladik».

Milan – Yuventus 0:2 (0:1, 0:1)
11 noyabr, «Juzeppe Meatstsa (San-Siro)» stadioni
Gollar: 0:1 – 8 Manjukich, 0:2 – 81 Ronaldu.
Amalga oshirilmagan penalti: Iguain (41, darvozabon)
Milan – Donnarumma, Abate (Borini, 74), Sapata, Romanoli, Rodriges, Suso, Kessie, Bakayoko, Chalxano‘g‘li (Laksalt, 74), Kastilexo (Kutrone, 62), Iguain.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Benatiya, Kellini, Aleks Sandro, Bentankur, Pyanich (Xedira, 74), Matyuidi, Dibala (Duglas Kosta, 79), Manjukich, Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Benatiya (34), Bakayoko (61), Iguain (83), Borini (87).