Shveytsariya hukumati O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli 800 million frankni o‘zida saqlashni istamayapti. Pullarni O‘zbekistonga qaytarishga ham shoshmayapti.
«Shveytsariya noqonuniy yo‘l bilan topilgan boylikni o‘zida saqlab turishdan manfaatdor emas», deb javob berdi DW’ning O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli 800 million shveysariya frankiga yaqin aktivlarga nima bo‘lishi haqidagi savoliga Shveytsariya TIV.
Gulnora Karimovaning o‘zi anchadan buyon O‘zbekistonda panjara ortida bo‘lib, bu borada aniq ma'lumotlar kam. Shu bilan birga, Yevropada Karimova ishi hali-beri yakunlanmaydi, chunki asosiy masala – uning Shveytsariyadagi aktivlarini nima qilish kerakligiga javob topish lozim.
Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimovaga 2012 yilda e'tibor qaratgandi. Avvaliga uning yordamchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Keyinroq Gulnoraning o‘zi, uning sobiq turmush o‘rtog‘i va yana ikki nafar xodimasi tergov ostiga tushdi. Tergov xorij telekommunikatsiya kompaniyalarining o‘zbek bozoriga kirish huquqini olish uchun pora sifatida bergan mablag‘lari Shveytsariyadagi Gulnora bilan bog‘liq hisob raqamlariga kelib tushgan degan xulosaga keldi. Karimovaning Shveytsariyadagi mablag‘i, mulki va qimmatbaho buyumlariga taqiq qo‘yildi.
2018 yilda jinoiy ish bo‘yicha oldinga siljish bo‘ldi: may oyida Shveytsariya prokuraturasi Karimovaning sobiq eri va xodimalaridan biriga nisbatan jazo qarori chiqardi. Ular ikkisi ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, iqtisodiy jinoyatlari uchun O‘zbekistonda uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilishgan. 2016 yil oxirida O‘zbekistonga kelgan shveysariyalik tergovchilarning tergovlaridan so‘ng mahkumlar Shveytsariyadagi o‘zlari bilan bog‘liq ishlar tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishiga rozi bo‘lishdi hamda sudga qadar Shveytsariya banklaridagi qariyb 700 million frank mablag‘lari musodara qilinishiga ruxsat berishdi.
Gulnora Karimovaning jyenevalik advokati Greguar Manja bu qarorga norozilik bildirdi. U o‘z bayonotlarida mahkumlar o‘zlarining O‘zbekistondagi kelajagi musodara qilingan pullarning vatanga qaytarilishiga bog‘liqligidan kelib chiqib iqrorlik ko‘rsatmasi berishganini bildirdi.
Ammo 2018 yil yozida Shveytsariya federal jinoiy sudining kassatsion kollegiyasi advokatning shikoyatini rad etdi. Endilikda, Shveytsariya prokuraturasining DW’ga bildirishicha, jinoiy ishni mantiqiy yakuniga yetkazish uchun sud kollegiyasining qolgan to‘rt ayblanuvchiga nisbatan qarorini kutish kerak bo‘ladi.












