Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasining «Investitsiyalar va investitsion faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ochiq muhokama qilish uchun joylashtirildi.

Davlat investitsiya qo‘mitasi ekspertlarining fikricha, qonun loyihasi mavjud tarqoq investitsiya qonunchiligini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik tizimiga investitsion muhitning birligini, mahalliy va xorijiy investorlar huquqlarining teng huquqliligini, investitsion faoliyat yurituvchi sub'yektlarning iqtisodiy erkinligini ta'minlaydigan yagona qonuniy hujjat sifatida kiradi.

Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• investitsion munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish;

• investitsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini huquqiy tartibga solish va optimallashtirish;

• investitsion faoliyatni tartibga solishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

• tushunchalar tizimini tartibga solish;

• investitsion qonunchilikdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va nizolarni hal qilish;

• investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish;

• investitsion faoliyatni tashkil etish va rivojlantirishni monitoring qilish tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish;

• investitsion faoliyatni rivojlantirishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;

• investitsiya obektlarining huquqiy muhofazasini kuchaytirish.

Qonun loyihasida quyidagi yangiliklarni joriy etish ko‘zda tutilgan:

1. Xalqaro hujjatlar va tajribalar asosida ishlab chiqilgan investorlar va investitsiyalarni himoya qilish va investitsiyaga qarshi choralarning oldini olishga qaratilgan yangi normalarni joriy etish.

2. Mahalliy va xorijiy investorlar uchun yagona huquqiy rejimni joriy etish.

3. Investitsiyalar, xorijiy investitsiyalar, investor, xorijiy investor, investitsion faoliyat, investitsion faoliyat sub'yektlari, investitsion faoliyat ishtirokchilari, investitsion kafolatlar va shu kabi asosiy tushunchalarni qayta ko‘rib chiqish.