Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar uchramoqda.

Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan kimyoviy xom-ashyolar narxining oshib ketayotganligi hamda xorijiy davlatlardan keltirilayotgan yog‘och-qirindili plitalar importi ulushining yuqoriligi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning raqobatbardoshligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Jumladan, qamish va g‘o‘zapoyani yog‘och-qirindili plitalarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan, ulardan xom-ashyo sifatida foydalanish talab darajasida emas, natijada ichki bozordagi yog‘och-qirindili plitalarga bo‘lgan ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplanmayapti.

Shuningdek, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qayta tiklanadigan va tez o‘suvchi mahalliy o‘simliklar xom-ashyosidan keng ravishda foydalanishga yetarlicha e'tibor qaratilmagan.

Respublikada yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, mahalliy xom-ashyodan keng foydalangan holda chuqur qayta ishlashni tashkil etish maqsadida:

1. Respublikada yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni kichik sanoat zonalarida tashkil qilinishi tavsiya etiladigan qamish xom ashyosi mavjud bo‘lgan hududlar ro‘yxati haqida ma'lumot berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda mavjud tabiiy qamishzorlar, ulardan foydalanish darajasi va qamishlarning o‘rib olinishi natijasida atrof-tabiiy muhitga, hayvonot olamiga, ko‘chib yuruvchi qushlarga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida foydalanish mumkin bo‘lgan qamishzorlar maydonlarining hududlar kesimidagi reyestrini shakllantiradi.