Bu mavsumda «Manchester Siti»da haqiqiy raqobatchi paydo bo‘ldi - Yurgen Klopp jamoasi premer-ligada ketma-ket g‘alaba qozonmoqda va ligada mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. «Liverpul»ning bu mavsumdagi chempionlik uchun imkoniyatlari qanday?
Transferlar

«Liverpul»ni «qizil mashina» deb atay boshlashdi. Avvalgi mavsumda Klopp jamoasi «Manchester Siti»dan 0:5, «Tottenhem»dan 1:4, «Suonsi»dan 0:1 hisoblarida mag‘lub bo‘lgan, boshqa autsayder va o‘rtamiyonalar bilan o‘yinlarda ham ochko yo‘qotgandi. Bunday yo‘qotishlar tufayli Saloh, Mane va Firmino chempionat o‘yinlarida birgalikda urgan 57ta gol chempionlik uchun yetarli bo‘lmagandi. Ser Aleks Fergyuson aytganidek, hujumlar g‘alabalar keltiradi, himoya esa sovrinni. «Qizillar» chempionatni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi, Chempionlar ligasi finalida himoyadagi va darvozadagi qo‘pol xatolar tufayli mag‘lub bo‘ldi.
«Liverpul» 2017 yil yozidayoq himoyani kuchaytirishi kerak edi, ammo o‘shanda Virjiyl van Deykning transferi barbod bo‘lgan, Klopp uning o‘rniga boshqasini sotib olishni istamay, qishgacha kutishga qaror qilgandi. «Sauthempton» yanvarda van Deykni qo‘yib yuborishdan boshqa chora topolmadi. Kloppning sabri muhim rolni o‘ynadi. O‘tgan mavsumda niderlandiyalik himoyachi kelgunigacha mersisaydliklar chempionatdagi o‘yinlarda (24 o‘yin) o‘rtacha 1,17 gol o‘tkazgan, u kelganidan keyin esa o‘rtacha 0,71 gol. Hozir bu raqamlar yanada kamtar - 0,38 (o‘yinlarning barchasida van Deyk ishtirok etgan).
Yana bir sabr haqida. 2017 yil avgustida «Liverpul» «Leyptsig»dan hujumkor yarimhimoyachi Nabi Keytani sotib olishga harakat qilishgandi. Ammo o‘shanda nemislar bu transferni kechiktirishdi, futbolchi faqat 2018 yil yozida Angliyaga ko‘chib o‘tdi. Ushbu gvineyalik ilk mavsumdayoq asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Klopp tarkibni yanada kuchaytirishni istagandi, ammo barcha transferni u hal qila olmaydi. U faqat seleksiya bo‘limiga o‘z nomzodlarini taklif qilishi mumkin, futbolchining sotib olinishini boshqalar hal qilishadi. Ammo Fabino, Shaqiriy va Alissonning transferlari shuni anglatadiki, «Liverpul» menejmenti murabbiyning so‘zlariga quloq solmoqda. Keyingi bir yilda jamoa zarur pozitsiyalarga zarur futbolchilarni sotib oldi.
Darvozabon

Alissonning ahamiyatini alohida qayd etish kerak. «Liverpul» darvoza chizig‘i keyingi yillarda eng kuchsiz chiziq edi. Bu hudud ayrim hollarda sirkka aylanib ketdi. Minole va Karius «qovun tushirish»da bir-biridan qolishmasdi. Bu tartibsizlik o‘tgan mavsumda YeChL finalidagi xurmacha qiliqlar bilan yakuniga yetdi.














