O‘zbekiston | 13:03 / 26.12.2018
16389
2 daqiqa o‘qiladi

UMS O‘zbekiston hukumatini «Edvard Snouden» va xitoylik xakerlardan himoya qilishga va'da bermoqda

UMS kompaniyasi hukumat mobil aloqa tizimini joriy etish, shuningdek, davlat elektron xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ma'lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish hamda rivojlantirish bo‘yicha ishlarni boshladi. Bu haqda Gazeta.uz xabar qilmoqda.

UMS platformasida loyiha boshqaruvi yagona milliy axborot tizimi, UzChat messenjeri va davlat sektori uchun blokcheyn-yechimlar yaratilmoqda. Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) bilan hamkorlikda UMS’ni 2019—2021 yillarda rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish boshlandi. Hujjat O‘zbekistonda mobil aloqa va raqamli xizmatlarni strategik rivojlantirishning «yo‘l xaritasi» bo‘ladi.

Foto: O‘zbekiston 24

Ta'kidlanishicha, uzatiluvchi ma'lumotlar - ovoz va video - kriptografik himoyalangan va O‘zbekistonda ham, chet elda ham maxfiyligi to‘la kafolatlangan. Dasturni kompyuterga ham o‘rnatish mumkin.

Aloqa uchun O‘zbekistondagi server ishlatiladi, ma'lumot serverda shifrlangan holda saqlanadi va undan hatto messenjer ma'muri ham foydalana olmaydi.

Kutilishicha, UzChat’ning joriy etilishi davlat xizmatchilari o‘rtasida ma'lumot almashish tezkorligini oshiradi.

Foto: O‘zbekiston 24

Eslatib o‘tamiz, hozirgi paytda O‘zbekistondagi internet tezligi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda Facebook va Youtube’ga kirib bo‘lmayapti. Internet ham ancha qimmat. Oddiy internet to‘plamining o‘rtacha narxi taxminan 50-70 ming so‘m turadi.

Avvalroq, Speedtest navbatdagi reytingni e'lon qilgandi. Unda O‘zbekistonning o‘rni haqida ham ma'lumot berilgan.

Mavzuga oid