Sport | 09:20 / 27.12.2018
7516
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi qator sport federatsiyalari bilan hamkorlikka erishdi

26 dekabr kuni Milliy Olimpiya Qo‘mitasida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi rahbariyati va O‘zbekiston qilichbozlik, suv sporti, yilqichilik va ot sporti, o‘q otish va yengil atletika federatsiyalari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda yuqorida nomlari keltirilgan federatsiyalar murabbiylari ham ishtirok etishdi. Tadbirdan maqsad – zamonaviy beshkurash sportining tarkibiy qismiga kiruvchi sport turlari federatsiyalari bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritishni yo‘lga qo‘yish. 

Ta'kidlash joizki, zamonaviy beshkurash Olimpiya sport turi hisoblanadi va qilichbozlik, suzish, ot sporti, o‘q otish va kross yugurish sport turlarini o‘z ichiga jamlaydi.

Uchrashuv O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev tomonidan tashkil qilingan. B.V.Gaziyev ushbu lavozimga saylanganiga qisqa vaqt bo‘lganiga qaramay, o‘zining 60 kunlik ish rejasini ishlab chiqdi va shu kungacha bu ishlarning yarmini bajarishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Tadbirda har bir federatsiya vakili O‘zbekiston zamonaviy beshkurash sport turini rivojlantirishga hissa qo‘shishga doir fikrlarini bildirdi. Tajribali murabbiylar ham o‘z maslahatlarini berishdi. Milliy Olimpiya Qo‘mitasi rahbariyati O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bosh kotibiga 2019 yil 15 yanvargacha yo‘l xaritasini ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yo‘l xaritasi murabbiylar va sportchilarning to‘g‘ri yo‘nalishda faoliyat yuritishiga yordam beradi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, federatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va sherikchilik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid